Hongkong va Makaoda to‘fon sababli 8-xavflilik darajasi e'lon qilindi
Xitoyning Hongkong va Makao ma'muriy tumanlarida hafta ichida ikkinchi to‘fonning yaqinlashayotgani sababli shtorm xavfliligining 8-darajasi e'lon qilindi. Bu haqda ikkala tuman meteorologik byurolari saytlarida ma'lum qilingan.
Ob-havo mutaxassislarining ma'lumotlariga ko‘ra, “Pakxar” deb nomlangan to‘fon Makaodan janubi-sharqiy tomonda 80 km uzoqlikda qayd qilingan va qit'a tomon shiddat bilan harakatlanmoqda.
South China Morning Post nashrining ma'lum qilishicha, Hongkong xalqaro aeroportida 50 ga yaqin reys bekor qilingan.
Yer usti jamoat transporti harakati to‘xtab qolgan, biroq parom aloqasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Butun kunga davlat idoralari ofislari, banklar va maktablar yopib qo‘yilgan. Hongkongning ba'zi ko‘priklari ham yopilgan.
Makao, Hongkong va Xitoyning janubiy hududlari 23 avgustda bu yerlarga yopirilgan “Xato” to‘foni oqibatlaridan hanuzgacha o‘ziga kelolmayapti. To‘fon tufayli Makao va Hongkong rahbariyati 1999 va 2012 yillardan beri birinchi marta shtorm xavfliligining eng yuqori – 10-darajasini e'lon qilishgandi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, “Xato” 17 kishining hayotini olib ketdi.
Makaoda to‘fon oqibatlarini bartaraf etish uchun tarixda ilk marotaba Xitoy armiyasi harbiylarini jalb qilishga to‘g‘ri kelgan.