Light | 19:04 / 29.08.2017
22547
3 daqiqa o‘qiladi

Forbes: Rossiyaning eng badavlat ayollari reytingi

TASS/«Gazeta.Ru»

Forbes jurnali Rossiyaning eng badavlat ayollari reytingini taqdim etdi. Jurnalning top-ro‘yxatiga kirgan 25 nafar rossiyalik ayolning umumiy moliyaviy ahvoli deyarli 7,3 milliard dollarga yetadi, bu 2016 yilning xuddi shu ko‘rsatkichidan 25 foizga ko‘p demakdir. 

Eng badavlat rossiyalik ayollar ro‘yxatida Moskva shahrining sobiq meri Yuriy Lujkovning turmush o‘rtog‘i, Inteco Management prezidenti Yelena Baturina yetakchilik qilmoqda. 

Ta'kidlash joizki, uning moliyaviy holati o‘tgan yilgiga nisbatan 100 million dollarga kamayib, 1 milliard dollarni tashkil qildi. Nashrga ko‘ra, Baturina mamlakatning eng badavlat kishilari ro‘yxatida 90-o‘rinni egallaydi, shu bilan birga u dunyoning eng badavlat xonimlari ro‘yxatidan joy olgan yagona rossiyalik ayol hisoblanadi. Bu ro‘yxatda Baturina 1940-o‘rinda qayd etilgan.

Yelena Baturina Irlandiya, Avstriya, Chexiya va Rossiyadagi to‘rt mehmonxonani boshqaradi, shuningdek Yevropa va AQShdagi turli investitsion fondlarda ishtirok etadi. Bundan tashqari, ayol Italiya va Gretsiyada qayta tiklanuvchi energiya sotuvlari bo‘yicha loyihasini rivojlantirishda davom etmoqda. 

Rossiyaning eng badavlat ayollaridan iborat Top-10 ro‘yxatiga shuningdek 450 million dollar mablag‘ga egalik qiluvchi «Progress Kapital» kompaniyasining direktorlar kengashi a'zosi Olga Belyavtseva, Wildberries internet-do‘konining bosh direktori Tatyana Bakalchuk (420 million dollar),  Andrey Gurev xayriya fondining boshqaruv kengashi a'zosi Yevgeniya Gureva (400 million dollar), NOVATEK boshqaruv raisi o‘rinbosari Tatyana Kuznetsova (400 million dollar), «Sodrujyestvo» guruhi hammuassisi Natalya Lutsenko (400 million dollar) va Irkutsk neft kompaniyasi bosh direktori Marina Sedix (350 million dollar) kiritilgan. Rossiyaning eng badavlat xonimlari o‘nligining so‘nggi satrida ishbilarmon Roman Abramovichning sobiq turmush o‘rtog‘i Irina Abramovich nomi qayd etilgan, uning boyligi 300 million dollarga baholandi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid