Jamiyat | 20:20 / 29.08.2017
30589
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vazirligi bog‘chalarga qabul bo‘yicha me'yorlar haqida ma'lumot berdi

Foto: 1dam.com

Xalqaro o‘quvchilarning bilim darajasini aniqlash reytingiga (PISA) ko‘ra, Finlyandiya maktabgacha ta'lim tizimi dunyoning eng kuchli uchligi qatorida e'tirof etiladi. Bunga bir qator sabablar, jumladan, bolaning uy sharoitida ona tomonidan tarbiyalanishi uchun yaratilgan sharoit, ta'limda interfaol uslubdan keng foydalanish va tabiat qo‘ynidagi sayyor mashg‘ulotlar tizimni yaxshilashga sabab bo‘ladi.

Joriy yil O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab maktabgacha ta'lim muassasalarida (bog‘cha) bir qator islohotlar o‘tkazilib, ayrim me'yorlarga o‘zgartirish kiritildi. Shulardan biri muassasalardagi guruhlarda tarbiyalanuvchi bolalar me'yor bo‘yicha necha nafarni tashkil etishi lozimligiga oid. Kun.uz muxbiri ana shu savollarga javob topish uchun Xalq ta'limi vazirligining mutasaddi vakili bilan bog‘landi.

«Maktabgacha ta'lim muassasalariga tarbiyalanuvchilarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi «Maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 528-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Davlat maktabgacha ta'lim muassasasi to‘g‘risida»gi Nizomning 32-bandiga muvofiq, davlat maktabgacha ta'lim muassasasining har bir guruhidagi bolalar soni me'yori kamida 20 nafar bo‘lishi, biroq 25 nafardan ortiq bo‘lmasligi lozim», deb javob beradi Xalq ta'limi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Sabohat Mirjalilova.

Shuningdek, ushbu nizom bandlariga muvofiq, davlat maktabgacha ta'lim muassasasiga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinadi. Bolalarni aynan 3 yoshdan maktabgacha ta'limga jalb qilish, avvalo, tarbiyalanuvchilarning hayoti va salomatligini muhofaza qilish maqsadida, qolaversa, rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rgangan holda belgilandi. Nizomning 25-bandiga muvofiq talabalarning farzandlari 3 yoshga yetganidan so‘ng, MTM imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda davlat maktabgacha ta'lim muassasasiga qabul qilishda imtiyozlardan navbatsiz foydalanadilar.

«Maktabgacha ta'lim muassasasi xodimlari ota-onalarda turli sabablar bilan pul talab qilish qat'iyan man etiladi. Xalq ta'limi vazirligining buyrug‘i bilan barcha maktabgacha ta'lim muassasasiga mazkur talab yetkazilgan. Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 sentabrdagi «Byudjyet tashkilotlarini mablag‘ bilan ta'minlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 414-sonli qarori asosida, Muassasa Ustavida qayd etgan va ota-onalar bilan tuziladigan shartnomada ko‘rsatgan holda (ota-onalar xohishi asosida), muassasa fondini tashkil etishi mumkin», deydi Sabohat Mirjalilova.

Mavzuga oid