Sport | 21:06 / 30.08.2017
23593
2 daqiqa o‘qiladi

Rustam To‘laganov professional boksga o‘tdi

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Rio—2016 Olimpiadasining 91 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasidagi sportchilari orasida bronza medalini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik Rustam To‘laganov faoliyatini professional boksda davom ettiradi. Bu haqda «Olamsport» nashri xabar berdi.

Buning uchun sportchi AQShga jo‘nab ketgan. Fazliddin G‘oibnazarovning professional boksga o‘tib ketishida muhim rol o‘ynagan litvalik Eges Klimos bu borada Rustamga ham yordam beradi.

Rejaga ko‘ra, Rustam To‘laganov professional boksdagi ilk jangini 27 oktabr kuni Chikagoda o‘tkazadi. Musobaqa tashkilotchilaridan biri Fazliddin G‘oibnazarov bilan hamkorlik qilayotgan Top Rank promouterlik kompaniyasi hisoblanadi.

To‘laganovning professional ringdagi ilk raqibi hozircha noma'lum.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasining -91 kilogramm vazn toifasidagi bokschisi ayni paytda Sanjar Tursunov bo‘lib turibdi. U Osiyo chempionatining chorak finalida yengilgan bo‘lsa, Germaniyadagi Jahon chempionatida yarim finalga qadar yetib bordi va rossiyalik Yevgeniy Tishenkoga raqib bo‘ldi.

Rio—2016 Olimpiadasida aynan Tishenko oltin medalga ega chiqqan, qozog‘istonlik Vasiliy Levit kumush medal bilan kifoyalangan. Rustam To‘laganov va kubalik Erislandi Savonga bronza nasib qilgandi.

Mavzuga oid