Iqtisodiyot | 23:22 / 31.08.2017
9788
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning 10 ta eng yirik banki kriptovalyuta yaratish ustida ishlamoqda

Foto: Peter Macdiarmid/Getty Images

Dunyoning eng katta 6 ta banki – Barclays, Credit Suisse, Canadian Imperial Bank of Commerce, HSBC, MUFG va State Street raqamli valyuta yaratish bo‘yicha loyihaga kirdi. Ular valyutani keyingi yilda hisob-kitoblar va moliyaviy bitimlar kliringi uchun joriy qilishmoqchi. Bu haqda The Financial Times nashri xabar bermoqda. 

UBS yaratishni boshlagan kriptovalyuta ustida Deutsche Bank, Santander, BNY Mellon va ICAP banklari ham ishlamoqda. Bu valyuta utility settlement coin (to‘lov uchun qulay pullar) deb nomlangan. Banklar, shuningdek, markaziy banklar va tartibga soluvchilar bilan muzokaralar olib bormoqdalar, 2018 yil davomida esa yil oxirigacha kriptovalyuta bilan birinchi operatsiyalarni boshlash uchun ular bilan hamkorlik haqida kelishuvga erishish rejalashtirilmoqda.  

UBS’ning moliya-texnologik innovatsiyalar bo‘yicha direktori Xayder Jyeffrining aytishicha, texnologiyani joriy qilish bir necha bosqichda o‘tadi. 2018 yil oxirigacha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan birinchi qadam banklar o‘rtasida turli valyutalarda to‘lovlarni amalga oshirish bo‘ladi. Texnologiyani qimmatbaho qog‘oz bilan operatsiyalarga joriy qilish murakkabroq, chunki buning uchun ularning o‘zini blokcheynga o‘tkazish kerak, yo‘qsa vaqtni tejash va zaxiralar uchun kapitalni kamaytirish ko‘rinishida naf olishning iloji bo‘lmaydi.

Blokcheyn texnologiyasi tranzaksiyalar haqidagi ma'lumotni bloklar ko‘rinishida strukturalashga asoslangan. Tranzaksiya amalga oshgan deb hisoblanishi uchun uni matematik “tasdiqlash” kerak, shundan keyin tranzaksiyalar guruhi blokka yoziladi. Blokcheynning asosiy xususiyati uning o‘zgarmasligidir: bitim haqida bazaga kiritilgan ma'lumotni o‘chirib ham, tahrir qilib ham bo‘lmaydi. Hattoki eng kichik tahrir ham katta hajmdagi hisoblash resurslarini talab qiladi.

Mavzuga oid