Jahon | 20:45 / 03.09.2017
75239
2 daqiqa o‘qiladi

Ramzan Qodirov Myanma hukumatiga murojaat qildi

Foto: TASS

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Myanmada musulmonlarning katta bosim ostida qolayotganida hukumat aybdor, degan fikrni ilgari surmoqda. Shuningdek, u Instagram'dagi sahifasi orqali norasmiy murojaatini yo‘llagan.

Bir hafta davomida o‘tkazilgan bosimlar natijasida va harbiylarning hujumi tufayli 58 mingga yaqin rohingyalar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Musulmon bo‘lgani uchun ularning 2600ga yaqin uyiga o‘t qo‘yildi. Muhojirlarni hozircha Bangladesh qabul qilmoqda, shuningdek, Turkiya ham qabul qilishini ma'lum qilmoqda.

«Jurnalist va inson huquqlari himoyachilari musulmonlar qatliomi o‘tkazilayotgan Rakxayn shahriga kiritilmayapti. Lekin 50 milliondan ortiq aholisi bor, ulardan 90 foizi buddizmga e'tiqod qiluvchi mamlakat harbiylari maxsus mashinalarda shahar ichiga kirib bormoqda. Siyosatchi va davlat rahbarlarining bu holatga munosabati, ularning befarqligi yoki e'tiborsizligi bilan o‘lchanmoqda», deydi Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 3 sentabr kuni Myanmaning Rossiyadagi elchixonasi joylashgan ko‘chada musulmonlarning mitingi bo‘lib o‘tdi.

Ma'lumot uchun, joriy yilning 18 mart kuni Rossiya BMTning Xavfsizlik Kengashida Myanmadagi musulmon rohingyalarga yordam berish maqsadida kiritilgan rezolyutsiyaga veto qo‘ygan, oqibatda rezolyutsiya qabul qilinmagan.

Mavzuga oid