Sport | 18:27 / 04.09.2017
12759
11 daqiqa o‘qiladi

Mission: Impossible. Terma jamoamiz o‘z tarixida qanday sinovlardan o‘tgan?

Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun ertaga terma jamoamiz Janubiy Koreya ustidan g‘alaba qozonishi shart. Xo‘sh, bu terma jamoamiz uchun qay darajada qiyin vazifa? Umuman vakillarimiz odatda bunday sinovlarda o‘zlarini ko‘rsata olganmi?

Guruh o‘yinlari aksariyat hollarda, butun sikl davomida barqaror o‘ynash va ko‘proq ochko to‘plashni talab qilsa-da, shunday hollar bo‘ladiki, so‘nggi tur oldidan aniq bir natijani qo‘lga kiritish uchun bor imkoniyatni ishga solishga to‘g‘ri keladi. Bu ba'zida pley-off yoki final o‘yinlaridan ham qiyin, sababi, bu holatlarda raqiblarning vazifasi farqliroq bo‘lishi, ba'zida ularni durang ham qoniqtirib qolishi mumkin.  

Shu sababli, quyida yig‘ilgan 10talik faqat guruh formatidagi o‘yinlardan tuzilgan. Bu o‘yinlarning har birida terma jamoamizdan o‘ziga yarasha iroda, kuch, ishonch talab etilgan. Ba'zida bu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tilgan, ba'zida esa yo‘q.

SURIYa – O‘ZBeKISTON

Qachon:  Osiyo kubogi – 1996, guruh bosqichi

Kerakli natija: Kamida durang

Yakun: Mag‘lubiyat 1:2 (guruhda qolib ketilgan)

Terma jamoamiz o‘z tarixidagi ilk Osiyo kubogini Xitoy ustidan g‘alaba bilan boshlagandi. So‘nggi tur oldidan, O‘zbekiston guruhda 2-o‘rinni egallab turar, autsayder sanalgan Suriya bilan durang bizni qanoatlantirar edi. Ammo o‘yin tugashiga 15 daqiqa qolganida Nodir Jahodar suriyaliklarni oldinga olib chiqadi. Lebedevning maydondan chetlashtirilishi esa, vazifamizni qiyinlashtirdi – hisobni tenglashtirishni uddalay olmadik. Terma jamoa guruhda so‘nggi o‘rinni olib, turnirni tark etishga majbur bo‘ldi.

BAA – O‘ZBeKISTON

Qachon: Osiyo kubogi – 2000, saralash guruhi

Kerakli natija: Kamida durang

Yakun: G‘alaba – 1:0 (final bosqichiga yo‘llanma)

Keyingi Osiyo kubogi saralash o‘yinlari BAAda tashkil qilindi. Terma jamoamiz Hindiston, Bangladesh, Shri-Lanka kabi terma jamoalar ustidan g‘alaba qozonib, to‘plar nisbatiga ko‘ra mezbonlardan oldinga chiqib oldi. So‘nggi turda BAAga qarshi durang natija bizga Livan yo‘llanmasini taqdim etardi. Mezbonlar bor kuchlari bilan g‘alaba uchun harakat qilgan bo‘lishsa-da, darvozamiz daxlsiz qoldi. Buning ustiga, qarshi hujumda Qosimovning yetkazib bergan to‘pini Maksim Shatskix arablar darvozasiga aniq yo‘llab, g‘alaba olib keldi.

SAUDIYa ARABISTONI – O‘ZBeKISTON

Qachon: Osiyo kubogi – 2000, guruh bosqichi

Kerakli natija: Faqat g‘alaba

Yakun: Mag‘lubiyat – 0:5 (guruhda qolib ketilgan)

Tarixdagi eng sharmandali turnir. Yaponiyadan 1:8 hisobida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsak-da, Qatar bilan o‘yinda qo‘lga kiritilgan ochko bizga so‘nggi tur oldidan imkoniyatimizni saqlab turardi. Saudiyaliklar ustidan g‘alaba terma jamoamizga chorak final eshiklarini ochardi. Ammo...

O‘sha turnirga bo‘lgan munosabat shu darajada bo‘lgan ekan-ki, bosh murabbiy Yuriy Sarkisyan Shatskixdan hech bo‘lmasa mana shu o‘yinda maydonga tushishini so‘ragan, agar g‘alaba qozonilsa, Ukrainaga ketishiga ijozat berishini aytgan ekan. 

O‘ZBeKISTON – XITOY

Qachon: JCh-2002 saralash. 4-bosqich, so‘nggi tur

Kerakli natija: Faqat g‘alaba

Yakun: G‘alaba – 1:0 (guruhda qolib ketilgan)

Bu o‘yinda talab etiladigan g‘alaba qo‘lga kiritilgan bo‘lsa-da, baribir yakuniy maqsadga yetilmagan. Chunki parallel o‘tayotgan Ummon – BAA uchrashuvida ummonliklarning g‘alabasidan ham umid qilayotgandik. Ammo o‘sha uchrashuv 2:2 hisobida yakunlandi va terma jamoamiz pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi.

IROQ – O‘ZBeKISTON

Qachon: JCh-2006 saralash, 3-bosqich, guruh

Kerakli natija: Kamida durang

Yakun: G‘alaba – 2:1 (4-bosqichga chiqilgan)

Guruhning ilk o‘yini Toshkentda Iroqqa qarshi bo‘lib o‘tgan va terma jamoamiz so‘nggi daqiqalarda arang hisobni tenglashtirib, durangga erishgandi. Yaxshiyamki, Falastin bilan o‘yinlarda iroqliklar ochko yo‘qotdilar va endi, safardagi uchrashuvda bizni durang ham qoniqtirardi.

Maksim Shatskixning ikki goli evaziga hisobda oldinga chiqib oldik va yakunda g‘alaba qozonib, so‘nggi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik.

O‘ZBeKISTON – KUVAYT

Qachon: JCh-2006 saralash. 4-bosqich, so‘nggi tur

Kerakli natija: Faqat g‘alaba

Yakun: G‘alaba - 3:2 (pley-off bosqichi yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgan)

Kuvaytliklar 4 ochko bilan uchinchi, O‘zbekiston esa, 2 ochko bilan guruhda to‘rtinchi o‘rinni egallab turgandi. Pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun Toshkentdagi o‘yinda terma jamoamizdan faqat g‘alaba talab etilardi.

O‘yin boshlaridayoq mehmonlar ikki gol urib, vazifani yanada qiyinlashtirib yuborishdi. Ammo bo‘lim oxirlarida penaltidan hisobni qisqartirgan futbolchilarimiz, ikkinchi bo‘limda yana 2 gol urishni uddaladilar. Maksim Shatskix va Anvar Soliyevning bosh bilan bergan zarbalari aniq chiqqandi.

Afsuski, pley-offda omadimiz kelmadi, Bahrayn terma jamoasi bilan qayd etilgan ikki durang safarda gol urishning uddasidan chiqqan raqiblarimizga qo‘l keldi.

O‘ZBeKISTON – XITOY

Qachon: Osiyo kubogi-2007, guruh bosqichi, so‘nggi tur

Kerakli natija: Faqat g‘alaba

Yakun: G‘alaba – 3:0 (chorak finalga chiqilgan)

Eron, Malayziya, O‘zbekiston va Xitoydan tashkil topgan guruh. Xitoyliklar 1-turda Malayziyani 5:1 hisobida yengdi. O‘zbekiston Eronga mag‘lub bo‘ldi. Keyin esa yurtdoshlarimiz Malayziya darvozasiga javobsiz 5 gol urishdi. Ya'ni, agar Eron Xitoyni yutadigan bo‘lsa, so‘nggi turda durang uchun ham zamin tayyorlab qo‘ygandik.

Ammo Eron va Xitoy durang qayd etgach, oxirgi turda xitoyliklarni yutishimiz shart edi. Ancha asabiy o‘tgan o‘yinning so‘nggi choragidagina Shatskix hisobni ochdi. O‘yin oxirlarida esa, ikki standart vaziyatdan so‘ng, Kapadze va Geyrix hisobni yirik ko‘rinishga olib keldilar va terma jamoamiz chorak finalga chiqdi.

BAHRAYN – O‘ZBeKISTON

Qachon: JCh-2010 saralash, 4-bosqich, guruh

Kerakli natija: Faqat g‘alaba

Yakun: Mag‘lubiyat  - 0:1 (guruhda qolib ketilgan)

So‘nggi tur oldidan Bahrayn 7, terma jamoamiz esa, 4 ochkoga ega edi. Bahraynda bo‘lib o‘tgan bu o‘yinda g‘alaba qozona olsak, to‘plar nisbati bo‘yicha ularni dog‘da qoldirardik va pley-offda o‘ynash huquqiga ega bo‘lar edik.

Mahmud Abdurahmon, huddi bundan 4 oy oldin Toshkentda bo‘lganidek, jarima zarbasini aniq darvozaga yo‘llab hisobni ochdi. Vakillarimiz vaziyatni o‘z tomonlariga og‘dirish uchun o‘zlarida kuch topa olmadilar.

O‘ZBeKISTON – QATAR

Qachon: JCh-2014 saralash, 4-bosqich, guruh

Kerakli natija: 6:0 hisobidagi g‘alaba

Yakun: G‘alaba – 5:1 (pley-offga chiqilgan)

Bu o‘yin bilan parallel tarzda Janubiy Koreya va Eron kuch sinashayotgan edi. Agar Eron mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, bizni har qanday hisobdagi g‘alaba qoniqtirardi. U yerdagi durang terma jamoamiz uchun 4 gol farqi bilan g‘alaba qozonishni shart qilardi. Agar Eron yutadigan bo‘lsa, futbolchilarimiz endi Koreyani ortda qoldirishlari mumkin – buning uchun esa, olti gol farqi bilan g‘alaba qozonish talab etilardi.

Birinchi taymni 0:1 hisobida boy berdik. Ikkinchi taymda gollar shousini namoyish qilgan terma jamoamizga ikki gol yetmay qoldi. Chunki Eron safarda Koreya ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, JCh ga yo‘llanma sohibiga aylanayotgan edi. Natijada pley-offga chiqqan O‘zbekiston termasi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra Iordaniyaga yutqazdi.

O‘ZBeKISTON – SAUDIYa ARABISTONI

Qachon: Osiyo kubogi-2015, guruh bosqichi, so‘nggi tur

Kerakli natija: Faqat g‘alaba

Yakun: G‘alaba – 3:1 (chorak finalga chiqildi)

Guruhdagi dastlabki o‘yinlarda har ikki jamoa ham Xitoydan yutqazib, Shimoliy Koreya ustidan g‘alaba qozongandi. Faqat to‘plar nisbati bo‘yicha arablarning ustun ekanliklari terma jamoamiz uchun g‘alabani shart qilardi.

Sardor Rashidovning 2-daqiqadayoq urgan golidan keyin hisobda oldinga chiqdik. Ammo 60-daqiqada hakamlar darvozamiz tomon penalti o‘ylab topishdi. Ammo shundan keyin ham O‘zbekiston shashtni pasaytirmadi va 70 va 79 daqiqalarda ikki gol urib, chorak finalga chiqdi.  

 

Demak, terma jamoamiz bunday uchrashuvlarning aksariyatida, aniqrog‘i, oltitasida o‘z oldigan qo‘yilgan vazifani uddalay olgan ekan. Ammo ertaga O‘zbekiston oldida turgan vazifa yanayam mushkulroq. Chunki e'tibor bersangiz, hal qiluvchi o‘yinlarda vakillarimizga raqiblik qilgan terma jamoalar Janubiy Koreya darajasida bo‘lmagan ekan. Shunday bo‘lsa-da, biz yurtdoshlarimizga ishonishda davom etamiz va xuddi Hirosimadagidek, Janubiy Koreya dovonini zabt etuvchi kuchni futbolchilarimiz o‘zlarida topa oladilar, deb umid qilib qolamiz.

 

Qahramon Aslanov tayyorladi.

Mavzuga oid