Nursulton Nazarboyevning nevarasi giyohvandlikni qanday yenggani haqida so‘zlab berdi
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning nevarasi Oysulton Nazarboyev o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bobosi - akademik Muxtor Aliyevning o‘limi va otasi - Raxat Aliyevning Avstriya turmasida o‘z joniga qasd qilganidan keyin giyohvandlik ko‘chasiga kirib qolgani haqida so‘z yuritdi.
"Butun oilam meni qo‘llab-quvvatlashga harakat qildi. Ayniqsa, bobom Nursulton Nazarboyev alohida g‘amxo‘rlik qildi. Mamlakat prezidenti kunduzi 17 million kishining muammolarini hal qilgan bo‘lsa, kechqurun bor vaqtini birgina nevarasiga ajratardi. O‘sha paytlar men bunday e'tibor uning qancha kuch-quvvati va sog‘lig‘ini ketkazishi mumkinligini to‘liq anglab yeta olmaganman. Shu bois eng dahshatli va ahmoqona zaiflikka yo‘l qo‘yganman. Men giyohvand moddalardan xalovat izlashga harakat qildim", - deb yozadi Nazarboyevning nevarasi.
Oysulton giyohvandlik - ijtimoiy muammo ekanini ta'kidladi, zero bu balo u bilan birga uning oilasidagi xalovatni ham yo‘qotgan edi.
"Oilada giyohvand modda iste'mol qiluvchi bemor paydo bo‘lsa, uydagilarning diliga eng avvalo qo‘rquv o‘rnashib oladi. Endi nima bo‘ladi? Nima qilish kerak? Qo‘shnilar nima deb o‘ylashadi? Ishxonada nima deyishadi? Qo‘rquv munosabatlarni buzadi, mustahkam aloqalarni yo‘qqa chiqaradi. U umidni so‘ndiradi. Mening oilamda ham dastavval qo‘rquv paydo bo‘ldi. Yaratganga shukurlar bo‘lsinki, men asosiy qadamni qo‘ydim - bobomning oldida iqror bo‘ldim", - deydi u.
Oysulton bobosi Nursulton Nazarboyev uni qo‘llab-quvvatlaganini ta'kidlab, dinga murojaat qilibgina xalovatga erishganini aytgan.
"Men darddan xalos bo‘lish yo‘lini topdim: menga Yaratganning o‘zi madad berdi. Giyohvandlik bilan to‘qnashganlarning barchasi nima haqida gapirayotganimni tushunishadi. Ishonchim komilki, bunda aybdorlar yo‘q: bu yerda hamma - jabrlanuvchi. Ha, ba'zi jihatlari bor, biroq qat'iy ishonib aytamanki, giyohvandlik balosiga qarshi kurashish kerak, ammo unga yo‘liqqan bemorlarga qarshi kurashish jinoyatdir".
Oysulton Nazarbayev
Uning ta'kidlashicha, kasallik bilan kurashish u uchun "haqiqiy ichki jihod" bo‘lgan. "Men uchun bu kurash eng qiyini bo‘ldi: taslim bo‘lib, bo‘shashib jimgina jon berish yoki irodani mustahkam qilib, yashash va zavqlanish huquqi uchun kurashish. Haqiqiy ichki jihod. Yaxshiki, yorug‘lik doim zulmatni yengib keladi", - deydi Oysulton.
Oysulton Nazarboyevning so‘zlariga ko‘ra, u hozirda giyohvandlik muammosi haqida quruq gap bilan cheklanmoqchi emas. U giyohvandlikka qarshi kurashuvchi xayriya fondini ochish niyatida.
Mavzuga oid
21:47 / 15.11.2024
Qotil giyohvand bo‘lgan: 3 yoshli bolani o‘ldirgan erkak ustidan sud boshlandi
08:30 / 04.11.2024
DXX Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi
13:30 / 09.10.2024
Giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish davlat komissiyasi vakolatlari belgilandi
11:50 / 09.10.2024