Jamiyat | 08:44 / 16.09.2017
5802
3 daqiqa o‘qiladi

Angren shahrida 65 ta bo‘sh turgan obektlar ishga tushiriladi

Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan xatlovlar Angren shahri hududida avval xususiylashtirilgan hamda bugungi kunda bo‘sh turgan 65 ta obektlar mavjudligini ko‘rsatmoqda, deya xabar berdi KUN.UZ’ga qo‘mita axborot xizmati

Mazkur obektlarning jami qurilish maydoni 110,1 ming kv.m.ni, egallagan yer maydonlari 130,1 gektarni tashkil etadi. Ushbu obektlar qatoriga sobiq “Angren non mahsulotlari zavodi”, sobiq “Kulol” AJ, sobiq “Sanoat qalin qog‘oz savdo” AJ, “Angrenenergotsvetmet”, “Nostandart uskunalar zavodi”  kabi yirik ishlab chiqarish majmualari  kiritilgan.

(sobiq «Kulol» AJ)
(sobiq «Kulol» AJ)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 fevralda qabul qilingan PQ-2796-sonli qaroriga muvofiq, joylarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari boshchiligida Idoralararo komissiyalar tuzilgan.

Ushbu komissiyalarga avval xususiylashtirilgan korxona va obektlarning qaytadan to‘la quvvatda va samarali ishlashini ta'minlash vazifasi yuklatilib, tadbirkorlarning investitsiya loyihalarini amalga oshirishida amaliy yordam berish bo‘yicha ko‘plab vakolatlar berilgan.

Davlat raqobat qo‘mitasining ma'lum qilishicha, hozirda Angren shahridagi bo‘sh obektlardan 40 tasi negizida mulkdorlar tomonidan yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obektlarini ishga tushirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish taklifi berilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 fevraldagi PQ-2796-sonli qaroriga muvofiq, qurilishi tugallanmagan obektlar va bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanishni ta'minlamagan mulkdorlarga nisbatan soliq idoralari tomonidan ta'sirchan soliq mexanizmlarini qo‘llash belgilangan.

Shuningdek, Prezidentimizning joriy yil 18 apreldagi farmoniga asosan, Davlat raqobat qo‘mitasiga davlat organlari va boshqa idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish vakolati berilgan bo‘lib, investitsiya loyihalarini amalga oshirish istagida bo‘lgan avval xususiylashtirilgan obektlarning mulkdorlari duch kelgan to‘siq yoki muammolar yuzasidan (8-371) 259-20-23, 259-20-53, 259-21-14 telefon raqamlariga murojaat qilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid