O‘zbekiston | 19:27 / 22.09.2017
55173
3 daqiqa o‘qiladi

Telia O‘zbekistondagi pora ishi bo‘yicha qariyb 1 mlrd. dollar to‘laydi

Foto: Reuters

Shvetsiyaning Telia Company AB (TeliaSonera) telekommunikatsiya kompaniyasi AQSh, Shvetsiya va Niderlandiya hukumati tomonidan korrupsiyaga oid qo‘zg‘atilgan ishni hal qilish uchun 965 mln. dollar to‘lab beradi. Bu haqda kompaniya sayti xabar berdi.

Jarimalar Qo‘shma Shtatlar Adliya vazirligi, qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiya, shuningdek, tergov bilan shug‘ullangan Shvetsiya hamda Niderlandiya prokuraturasiga to‘lab beriladi. 

Qimmatbaho qog‘ozlari Nyu-Yorkda savdo qilinuvchi Telia kompaniyasi poralar bilan «O‘zbekistondagi serdaromad telekommunikatsiya biznesini yomonlashtirdi», deya ma'lum qildi The Local portaliga Nyu-York janubiy okrugining amaldagi prokurori Jun Kim. Uning so‘zlariga ko‘ra, Telia va uning o‘zbek bo‘linmasi Coscom LLC O‘zbekistonda yuqori mansabli davlat xizmatchisiga yaqin qarindosh bo‘lgan va telekommunikatsiya sohasini tartibga soluvchi idoraga ta'sir ko‘rsatgan amaldorga 331 mln. dollar to‘lab berishganini tan olishgan.

AQSh hukumati poraxo‘rlik bo‘yicha ishni tergov qilish doirasida Telia va Coscom LLC’ni xorijiy korrupsiya to‘g‘risidagi qonunni buzishda aybladi.

2012 yilda shvetsiyalik jurnalistlar guruhi TeliaSonera O‘zbekiston bozoriga chiqish uchun taxminan 300 mln. dollar to‘laganini aniqladi.  

2012 yilda Niderlandiya, Shveytsariya va Shvetsiya, 2014 yilda esa AQSh O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoridagi ehtimoliy poralar bo‘yicha tergov boshladi. AQShda hisoblanishicha, Rossiyadan bo‘lgan MTS va VimpelSom kompaniyalari hamda TeliaSonera soxta firmalar orqali bozorga kirish uchun poralar berishgan. 2016 yilning fevralida VimpelCom rahbariyati pora berish holatini tan oldi va Niderlandiya hukumati hamda prokuraturasi bilan korrupsiya bo‘yicha da'volarni hal qilish haqida kelishib oldi. Kompaniya 795 mln. dollar tovon pullarini to‘lab berishga va'da qilgan, ulardan yarmini Niderlandiya tomoni oldi.

Mavzuga oid