Jahon | 09:19 / 26.09.2017
6308
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko bahslarga sabab bo‘layotgan ta'lim haqidagi qonunni imzoladi

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko ta'lim haqidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Poroshenkoning matbuot xizmati ma'lum qildi.

Ushbu hujjat avval o‘qitish tili haqidagi me'yor sababli bahslar keltirib chiqargan. Oliy rada qonun loyihasini 5 sentabrda ma'qullagandi. 

"Ushbu qonunning qabul qilinishi ta'lim sifati va yosh avlodning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshiruvchi har tomonlama ta'lim islohotini o‘tkazishga imkon beradi", deb aytilgan xabarda.

Poroshenko qonun ukrain tilining ta'lim jarayonidagi ahamiyatini oshirishini aytdi. Uning ta'kidlashicha, qonun barcha uchun teng imkoniyatlarni ta'minlaydi, chunki har bir bitiruvchiga Ukrainada muvaffaqiyatli kareraga zarur bo‘lgan tilni yuqori darajada bilishni kafolatlaydi.

Yangi qonunga ko‘ra, 2018 yil sentabridan Ukrainadagi milliy ozchilik vakillari farzandlari bolalar bog‘chlarida va boshlang‘ich sinflarda fanlarni ona tillari bilan bir qatorda ukrain tilida ham o‘rganadilar. 5-sinfdan bolalar faqatgina ukrain tilida ta'lim oladilar, milliy ozchilik tillari esa alohida fan sifatida o‘qitiladi. Shu bilan birga bir yoki bir nechta fanlarning Yevropa Ittifoqi davlatlari tillarida o‘qitilishiga yo‘l qo‘yiladi. 2020 yil sentabridan esa ta'lim berish to‘liq ukrain tiliga o‘tkaziladi. 

Vengriya va Ruminiya hukumatlarida bu qaror Ukrainadagi milliy ozchiliklarning huquqlarini buzishini aytishgan. Moskvada esa bu qonun Ukraina konstitutsiyasi va Kiyevning xalqaro majburiyatlariga zid kelishi ta'kidlab o‘tilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid