Jamiyat | 18:52 / 26.09.2017
47873
2 daqiqa o‘qiladi

Romitanda 90 kishi ovqatdan zaharlandi, vaziyat alohida nazoratga olingan

Buxoro viloyati Romitan tumanida 2017 yil 26 sentabr kuni tongi soat 5:30dan boshlab 18:40gacha jami 90 nafar fuqaro tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rig‘i va umumiy holsizlik kabi kasallik belgilari bilan tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Ularga “O‘tkir diareya, ovqatdan zaharlanish” tashxisiga gumon qilinib, shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda KUN.UZ’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, ayni paytda mazkur shifoxona va uning bo‘limlari zarur dori-darmonlar, infuzion eritmalar, bir marotaba ishlatiladigan shprits va sistemalar  bilan yetarli miqdorda ta'minlangan.

Bemorlar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida barcha bemorlar o‘z kasalliklarini 2017 yil 25 sentabr kuni oqshom tuman markazidagi “Diyor” to‘yxonasida fuqaro Ikrom Xamrayev tomonidan o‘tkazilgan nikoh to‘yi dasturxoniga tortilgan tuxum barakni iste'mol qilish bilan bog‘lashgan. 

Yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyiga chiqib o‘rganish, bemorlarga va mahalliy mutaxassislarga o‘z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining mas'ul mutaxassislari, jumladan, respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori A.Xudayarov, respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi B.Almatov, Epidemiologiya - mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti direktori A.Abdushukurov va bir guruh yetakchi mutaxassislar Buxoro viloyati Romitan tumaniga yuborilgan.  

Ayni paytda aksariyat bemorlarning ahvoli barqarorlashgan. Shu sabab sog‘lig‘i tiklangan  25 nafar fuqaroga  uyiga ruxsat berilgan.

Buxoro viloyati Romitan tumanida kuzatilgan epidemik vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan. 

Mavzuga oid