Jahon | 14:30 / 29.09.2017
28559
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada Aleksey Navalniy qo‘lga olindi

Moskvada Aleksey Navalniy «norasmiy jamoat tadbirida qatnashishga takroriy chaqiriqlar» uchun qo‘lga olindi, deya xabar berishdi Rossiya IIVdan.

U vaziyatni oydinlashtirish uchun politsiya bo‘limiga olib ketildi.

«Politsiya fuqarolarni provokatsiyalarga uchmaslikka va o‘zaro muvofiqlashtirilmagan aksiyalarda ishtirok etmaslikka chaqiradi», - deya aytib o‘tishgan IIVdan.

Kelgusi uch kun ichida to‘qqizta shaharda, jumladan, Sankt-Peterburg, Chelyabinsk va Kurskda turli muvofiqlashtirilgan tadbirlar o‘tkaziladi. Navalniy Instagram’dagi sahifasida, hukumat bilan kelishilmagan aksiya rejalashtirilgan Nijniy Novgorodga ketishdan oldin uyi yaqinida qo‘lga olingani haqida yozgan.

«Vokzalga borish uchun tashqariga chiqdim – yo‘lakda ushlashdi. Xuddi kinodagidek, mashina kelib to‘xtadi – undan politsiyachilar tushishdi. Aftidan "Danilov" IIBga olib ketishmoqda», - deb yozdi Navalniy.

Payshanba kuni Nijniy Novgorod prokuraturasi muvofiqlashtirilmagan aksiya tashkilotchilari va ishtirokchilarini qonunni buzishga yo‘l qo‘ymaslik lozimligi to‘g‘risida ogohlantirdi. Xabarda qayd etilganidek, Navalniy va bir qator jamoat arboblari 29 sentabr kuni Markin maydonida namoyish hamda mitingda ishtirok etishga chaqirganlar.

Prokuraturaning ta'kidlashicha, shahar ma'muriyati bu aksiyani muvofiqlashtirmagan va huquqni muhofaza qilish organlari fuqarolarning hayoti hamda sog‘lig‘iga tahdid solishi mumkin bo‘lgan fitna va tartibsizliklarni to‘xtatish choralarini ko‘rishi haqida ogohlantirdi. «Markin maydonida muvofiqlashtirilmagan tadbirlarni o‘tkazishga qaratilgan har qanday urinish qonunning bevosita buzilishidir», - deyiladi xabarda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid