JCh saralash. Yevropa. So‘nggi janglar oldidan guruhlardagi vaziyat haqida
07.10.2017. Shvetsiya - Lyuksemburg, Belarus - Niderlandiya, Bolgariya - Fransiya
10.10.2017. Fransiya - Belarus, Lyuksemburg - Bolgariya, Niderladiya - Shvetsiya
Ko‘rish shart: NIDeRLANDIYa – ShVeTsIYa
Fransiya terma jamoasi Lyuksemburg bilan kutilmagan durangdan so‘ng, biroz tahlika ostida qolishdi. Frantsuzlar agar bolgarlarni yenga olmay qolishsa, so‘nggi tur oldidan 2-o‘ringa tushib qolishlari mumkin. Bu o‘rin esa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani bermaydi. Shu o‘rinda JCh-94 saralashidagi hodisa esga tushadi beixtiyor: o‘shanda Fransiya terma jamoasi so‘nggi turda Bolgariya bilan durang o‘ynashsa kifoya edi, ammo bolgarlar so‘nggi daqiqada hal qiluvchi golni kiritib, Fransiyani mundialsiz qoldirishgandi.
Agar hammasi taxmin qilingandek bo‘lsa, Fransiya qolgan o‘yinlarda g‘alaba qozonadi va 2-o‘rin uchun kurash Niderlandiya va Shvetsiya o‘rtasida kechishi kutilmoqda. Buning uchun so‘nggi turda Niderlandiya shvedlar ustidan g‘alaba qozonishlari shart. Shu bilan birga to‘plar nisbati ham muhim ahamiyatga ega — hozirda shvedlarda +9, niderlandiyaliklarda +5, buning ustiga Shvetsiya keyingi turni o‘z maydonida kuchsizroq raqibga qarshi o‘tkazishini ham hisobga olamiz. U holda biz tavsiya qilayotgan o‘yinda mezbonlar yirikroq hisobda g‘alaba qozonishlari shart bo‘lib qoladi.
V guruhi.
07.10.2017. Andorra - Portugaliya, Shveytsariya - Vengriya, Farer orollari - Latviya
10.10.2017. Vengriya - Farer Orollari, Latviya - Andorra, Portugaliya - Shveytsariya
Ko‘rish shart: PORTUGALIYa - ShVeYTsARIYa (soat 23:45 da)
Bu guruhning omadsiz to‘rt jamoasi allaqachon aniq bo‘lgan. Ammo guruh g‘olibligi uchun kurash so‘nggi turdagi o‘zaro o‘yinda hal bo‘lishi shubhasiz. Bu juda muhim, sababi, guruhlardagi faqat bittadan jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri mundialga yo‘l oladi. Pley-offda esa, har narsa bo‘lishi, har qanday raqib ro‘baro‘ kelishi mumkin. Noyabrni tinchroq o‘tkazish uchun, albatta, guruh g‘olibi bo‘lish kerak.
Shveytsariya ham, Portugaliya ham birinchi davradagi o‘zaro o‘yinni (o‘shanda Shveytsariya 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi) qo‘shmasa, barcha raqiblarni yer tishlatib kelmoqdalar. Demak, Portugaliyadagi o‘yin g‘olibi guruhda ham yakuniy g‘olib bo‘ladi. Durang mehmonlarni qanoatlantiradi. To‘plar nisbatiga ko‘ra Krishtianu Ronaldu hamyurtlarining katta ustunligi borligini inobatga olsak, har qanday hisobdagi g‘alaba mezbonlarni mundialga olib chiqadi.
S guruhi.
05.10.2017. Ozarboyjon - Chexiya, Shimoliy Irlandiya - Germaniya, San Marino - Norvegiya
08.10.2017. Chexiya - San Marino, Germaniya - Ozarboyjon, Norvegiya - Shimoliy Irlandiya
Ko‘rish shartmas.
Bu guruhda hammasi ma'lum. Germaniya ikki turda birgina ochko olsa, guruh g‘olibligini naqd qilib qo‘yadi. Shimoliya Irlandiya terma jamoasi esa, pley-offda ishtirok etishga yaqin. Ta'kidlash joizki, britaniyaliklar 2-o‘rinni kafolatlab olgan bo‘lsalar-da, pley-offda qatnashish huquqi rasman qo‘lga kiritilmadi. Ma'lumki, eng yomon kursatkichga ega bo‘lgan ikkinchilardan biri hatto pley-offda ham ishtirok eta olmaydi. Shuning uchun shimolliklar har ehtimolga qarshi qolgan o‘yinlarda kamida 2 ochko olib qo‘yishlari lozim bo‘ladi.
D guruhi.
06.10.2017. Irlandiya - Moldova, Avstriya - Serbiya, Gruziya - Uels
09.10.2017. Serbiya - Gruziya, Uels - Irlandiya, Moldova – Avstriya
Ko‘rish shart: UELS - IRLANDIYa (soat 23:45 da)
Birgina g‘alaba serblarni guruh g‘olibiga aylantiradi, ular bu g‘alabani masalan so‘nggi turda, o‘z maydonlarida gruzinlar ustidan ham qozonishlari mumkin. Demak, guruhdagi asosiy kurash 2-o‘rin boradi va huddi A guruhiga o‘xshab, bu yerda ham barchasi so‘nggi turda hal bo‘ladi.
Birinchi davradagi Britaniya derbisida hisob ochilmagandi, ammo bu safar barchasi umuman boshqacha bo‘lishi tabiiy. Har ikki jamoada ham yetakchilar, mezbonlarda Garet Beyl, mehmonlarda esa Jonatan Uoltersning jarohat olgani uchrashuvga soya solishi mumkin, ammo o‘rtaga juda katta narsa – jahon chempionati pley-offi tikilgan.
Ye guruhi
05.10.2017. Armaniston - Polsha, Chernogoriya - Daniya, Ruminiya - Qozog‘iston
08.10.2017. Daniya - Ruminiya, Polsha - Chernogoriya, Qozog‘iston - Armaniston
Ko‘rish shart: CheRNOGORIYa - DANIYa
Polsha terma jamoasi guruh g‘olibi bo‘lish uchun juda yaxshi imkoniyat hosil qilib turibdi. 9-turda esa, Chernogoriya va Daniya o‘rtasidagi o‘yin juda ko‘p masalaga oydinlik kiritadi. Hozirda har ikki jamoa ham teng ochko to‘plashgan va hatto to‘plar nisbati ham bir xil. Bu to‘qnashuv g‘olibi yakunda guruh g‘oliblaridan biri bo‘lishi mumkin.
E'tibor bering, agar "qoratog‘"liklar Daniya ustidan g‘alaba qozonsalar, Polsha bilan oradagi farqni saqlab qolishlari mumkin va so‘nggi turdagi Polsha - Chernogoriya o‘yini ham 1-o‘rin masalasini hal qiluvchi bahsga aylanib qoladi. Chernogoriya terma jamoasida to‘plar nisbati polshaliklardan yaxshiroq ekanini ham inobatga olish kerak.
F guruhi.
05.10.2017. Angliya - Sloveniya, Malta - Litva, Shotlandiya - Slovakiya
08.10.2017. Slovakiya - Malta, Sloveniya - Shotlandiya, Litva - Angliya
Ko‘rish shart: ShOTLANDIYa - SLOVAKIYa (23:45), SLOVeNIYa - ShOTLANDIYa (21:00)
Inglizlar o‘z o‘rinlarini hech kimga berib qo‘ymasalar kerak, ammo keyingi o‘rin uchun birato‘la 3 jamoa da'vogarlik qilmoqda. Shaxsan tribuna.uz uchun mana shu jamoalarning birortasiyam qiziqmas, qanaqadir zerikarli va mundialga borib ham juda qizitib yuborishmasa kerak.
Lekin agar ko‘rishga boshqa futbol bo‘lmasa, mana shu alohida belgilab qo‘yilgan ikki o‘yin guruhdagi chigal vaziyatga oydinlik kiritib bersa ajab emas. E'tiborga molik jihat shundaki, so‘nggi turlardagi ikkala o‘yinda 3 ochko olgan jamoagina keyinchalik pley-offda o‘ynash huquqini olish mumkin. Aks holda, 2-o‘rin ham hech narsa bermasligi mumkin - taxminimizcha, eng yomon ko‘rsatkichli 2-o‘rin sohibini «berishi mumkin bo‘lgan» guruhlardan biri mana shu F guruhi.
G guruhi
06.10.2017. Italiya - Makedoniya, Lixtenshteyn - Isroil, Ispaniya - Albaniya
09.10.2017. Isroil - Ispaniya, Makedoniya - Lixtenshteyn, Albaniya – Italiya
Ko‘rish shart emas.
Ikki o‘yinning bittasini yutsa ham, kamida to‘plar nisbatiga ko‘ra Ispaniya guruh g‘olibligini saqlab qolishi aniq. Italiyani ham birov quvlab kelgani yo‘q, ular ham bemalol pley-offdagi bo‘lajak raqiblar haqida o‘ylashi va o‘z guruhidan ko‘ra, boshqa guruhlarga qiziqish bildirishi mumkin. Guruhdagi yagona intriga Lixtenshteyn nihoyat ochko oladimi yoki yo‘qmi?
H guruhi
07.10.2017. Kipr - Gretsiya, Bosniya va Gertsogovina - Belgiya, Gibraltar - Estoniya
10.10.2017. Belgiya - Kipr, Estoniya - Bosniya va Gertsogovina, Gretsiya – Gibraltar
Ko‘rish shart emas.
Belgiya muddatidan oldin jahon chempionatiga chiqib bo‘lgan. 2-o‘rin uchun sirtdan kurash greklar va bosniyaliklar o‘rtasida kechadi. Bosniya hozircha bir ochko oldinda, lekin 9-turda ular guruh peshqadamiga qarshi maydonga tushishadi va ochko yo‘qotishlari mumkin. Gretsiyani esa, Kiprda o‘ziga xos derbi kutib turibdi, bu o‘yindagi g‘alaba jamoani 2-o‘ringa olib chiqishi haqiqatga yaqin. Shundan keyin ular Gibraltar darvozasiga iloji boricha ko‘proq gol urishlariga to‘g‘ri keladi. Yuqorida ko‘p bor eslatilganidek, 2-o‘rinlar ichida ham eng yomoni bo‘lib qolmaslik shart.
I guruhi
06.10.2017. Xorvatiya - Finlandiya, Turkiya - Islandiya, Kosovo - Ukraina
09.10.2017. Finlandiya - Turkiya, Islandiya - Kosovo, Ukraina – Xorvatiya
Ko‘rish shart: TURKIYa - ISLANDIYa (23:45), UKRAINA - XORVATIYa (23:45)
Ajoyib guruh. 4 jamoadan har biri guruh g‘olibi bo‘lishi ham, yakunda to‘rtinchi o‘rinda qolib ketishi ham mumkin. 9-turda avvalo, Turkiya – Islandiyani ko‘ring. Bu o‘yin ko‘p narsani hal qilib berishi shubhasiz. Yevro-2016 saralashlarida ham bu jamoalar o‘zaro to‘qnash kelishgan va har ikki o‘yinda ham mezbonlar g‘alaba qozonishgan, yakunda, har ikki jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa chempionatiga ketishgandi. Ammo bu safar ulardan biri qolib ketsa kerak.
Agar turklar g‘alaba qozonsa, Islandiyani quvib o‘tadi. Shu bilan birga ukrainlar oson o‘yinda Kosovoni yutib, guruh peshqadamidan eng ko‘pi bilan 2 ochko ortda turadi xolos. Natijada Ukraina – Xorvatiya o‘yini ham dahshatli ko‘rinish oladi.
To‘g‘risi, hozir variantlar shu qadar ko‘pki, aniq bir jumla tuzish ham qiyin bo‘lmoqda. So‘nggi tur oldidan ham barchasi mana shunday chigal holatda bo‘lishi ham haqiqatga yaqin. Va'da beramizki, 9-turdan so‘ng ham aynan mana shu guruh haqida alohida to‘xtalib o‘tamiz.
Qahramon Aslanov tayyorladi.
Mavzuga oid
00:26 / 29.12.2024
Yevropada bir qator Rossiya ommaviy axborot vositalarining Telegram kanallari bloklandi
19:00 / 25.12.2024
“Matritsa”ning buzilishi va tarixiy order
21:17 / 18.12.2024
Reuters: YeI davlatlari Ukrainaga 100 ming nafargacha tinchlikparvar kuchlarni yuborishni muhokama qilmoqda
09:50 / 18.12.2024