O‘zbekiston | 15:50 / 05.10.2017
36453
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada yosh yigitni vahshiylarcha do‘pposlab, tahqirlagan 5 kishi qo‘lga olindi

Ichki ishlar organlari tomonidan Farg‘ona viloyatida yashovchi fuqaroning sha'ni, qadr-qimmatini poymol qilganlikda va ushbu holat tasvirlangan videorolikni Internet tarmog‘i orqali tarqatganlikda gumonlanayotgan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati ma'lum qilgan.

29 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda bir necha noma'lum shaxs yosh yigitni vahshiylarcha do‘pposlayotgani va haqorat qilayotgani aks etgan videorolik tarqalgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazib, yuqorida qayd etilgan jinoyatni sodir etishda gumon qilingan 5 kishini qo‘lga olishgan. Ulardan daliliy ashyolar sifatida 5ta telefon musodara qilingan.

Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 103-modda 2-qismi (o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish), 112-modda 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish), 140-modda 2-qismi (haqorat qilish), 164-modda 2-qismi (bosqinchilik), 277-modda 2-qismi (bezorilik) bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. 

Ayni vaqtda huquqni muhofaza qilish organlari qo‘lga olinganlarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligini tekshirmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid