Jahon | 13:15 / 05.10.2017
19052
5 daqiqa o‘qiladi

IShIDning strategik maqsadlari o‘zgargani ma'lum qilindi

Foto: 1tv.ru

Suriya va Iroqdagi mag‘lubiyatdan so‘ng jangarilar Yaqin Sharqdan tashqarida yangi global terrorchilik tarmog‘ini yaratishga kirishdilar, deya ma'lum qildi Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov.

Bu haqda u 4-5 oktabr kunlari Krasnodar shahrida bo‘lib o‘tayotgan FXX xorijiy hamkorlarining maxsus xizmatlari va huquq-tartibot idoralari rahbarlari XVI yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Bortnikovning so‘zlariga ko‘ra, terrorchilar Suriya qo‘shinlari va Rossiya harbiy-kosmik kuchlarining samarali harakatlari, shuningdek, Iroqda koalitsiya kuchlarining amaliyotlari tufayli sezilarli yo‘qotishlarga uchramoqda. Guruhlar neftga boy tumanlar yaqinida yirik hududlar ustidan nazoratni yo‘qotgan. Nafaqat jangarilarning katta guruhlarini, balki Suriya va Iroqdan tashqarida ham ularning tarafdorlarini moliyalashtirish imkonini bergan iqtisodiy asos kuchsizlangan.

"Ushbu omillarning birlashuvi va avvalgi nazorat zonalarida butunlay yo‘q qilinish tahdididan xabardorlik XTT rahbarlarini kelgusidagi harakatlar strategiyasini o‘zgartirishga majbur qildi", - dedi FXX direktori.

Bundan, Bortnikovning aytishicha, yaqinda sodir etilgan terrorchilik hujumlarining mohiyati va keng geografiyasi darak bermoqda.

"Bu yil Afg‘oniston, Suriya, Eron, Iroq, Misr, Mali, Turkiya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Shvetsiya, Finlyandiya va boshqa mamlakatlardagi hujumlarning qurbonlari soni yuzlabdir", - degan FXX direktori.

Uning qo‘shimcha qilishicha, terrorchilar butun insoniyatga chaqiriq tashlashdi va dunyoning turli burchaklarida vahima tarqatishmoqchi, ularga qarshi urush olib borayotgan davlatlarni qo‘rqitmoqchi bo‘lishdi. Bundan tashqari, ekstremistlar o‘z tarafdorlari hamda homiylariga "tirik ekanliklari va faol harakatlarni davom ettirish qobiliyatlari borligini" ko‘rsatishga intilishmoqda.

"Bugungi kunda XTT rahbarlari o‘zlarida bo‘lgan kuchlar va vositalarni qayta taqsimlashmoqda. Jangarilar Yaqin Sharqdan tashqariga chiqib, zo‘ravonlik va qurolli to‘qnashuvlarning yangi o‘chog‘larini yaratish maqsadida beqaror mintaqalarda to‘planishmoqda", - dedi Bortnikov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, terrorchilar bunday global qayta o‘zgarishni amalga oshirib, hozirgi vaziyatga tez moslashishga harakat qilishmoqda.

Shuningdek, Bortnikov chet ellik sheriklarni "terrorchilik g‘oyalari tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha keng qamrovli doiraviy strategiya"ni qo‘llash maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyutsiyasini quvvatlash to‘g‘risidagi bayonotni qabul qilishga chaqirdi.

"Bugungi uchrashuvga biz BMT XK rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlash bildirilgan bayonot loyihasini tayyorladik. Unda, bizning fikrimizcha, maxsus xizmatlarning hamkorligiga aloqador muhim pozitsiyalar aks ettirilgan. Yig‘ilishning barcha ishtirokchilarini o‘zaro ishonchni mustahkamlash va jahon hamjamiyatini global terrorizm xavfi bilan kurashga yo‘naltirilgan tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman", - degan u.

Uning ta'kidlashicha, BMT Xavfsizlik Kengashining 2017 yil 24 maydagi 2354-sonli rezolyutsiyasi "terrorizm g‘oyalarini targ‘ib etishga qarshi kurash bo‘yicha keng qamrovli doiraviy strategiyani" qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan bo‘lib, unda terrorizmga qarshi kurash, odamlarning ekstremistlar va terroristlar safiga qo‘shilishiga qarshi kurashishga qaratilgan keng va faol qarshi-targ‘ibotlarni tashkil etish bo‘yicha aniq takliflar bor. 

"So‘nggi paytlarda dunyoda terrorchilik faolligining keskinlashuvi jahon hamjamiyatidan sa'y-harakatlarni birlashtirish, terrorchilik mafkurasiga qarshi kurashish uchun qat'iy choralar qabul qilishni talab etadi. Biz, albatta, terrorizmga qarshi samarali front yaratish uchun yagona standartlarni ishlab chiqish lozimligiga ishonamiz. Ular bizning barcha yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma harakatlarimiz mantig‘ini aniqlab berardi. Bu yo‘nalish uchun eng mos maydoncha, albatta, Birlashgan Millatlar Tashkilotidir", - deya xulosa qilgan Rossiya FXX direktori.

Bundan tashqari, Bortnikovning ma'lum qilishicha, Suriya va Iroqda jang qilgan ba'zi terrorchilar kimyoviy qurollarni ishlab chiqarish va ularni qo‘llash bo‘yicha ko‘nikmalarga egalar.

"Shuni alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, Suriya va Iroqda jang qilgan ba'zi terrorchilar kimyoviy qurol elementlarini qo‘lbola yo‘l bilan ishlab chiqarish va qo‘llash ko‘nikmalariga egalar", - dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan Rossiyada ularga nisbatan ochilgan jinoiy ishlar materiallari dalolat bermoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid