Jahon | 12:21 / 18.02.2026
1900
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada operatorlar FXX talabi bilan aloqani o‘chirishi mumkin

Putin farmonlari asosida FXXga RFda istalgan aloqani bloklash imkonini beruvchi qonun loyihasi Davlat dumasida ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Tuzatishlarni taqdim etish va ovoz berishga atigi ikki daqiqa ketgan.

Foto: Shutterstock

RF Davlat dumasi “Aloqa to‘g‘risida”gi qonunga tuzatishlarni qabul qildi — endi ular Federal xavfsizlik xizmati (FXX)ga RFdagi istalgan aloqani prezident Vladimir Putin farmonlari asosida bloklash imkonini beradi. Qonun loyihasi seshanba, 17 fevral kuni plenar majlisda ikkinchi va uchinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlandi. Tuzatishlarni taqdim qilish va ovoz berishga bor-yo‘g‘i ikki daqiqa sarflangan.

Hujjatga ko‘ra, aloqa operatorlari FXXdan talab kelib tushganida “prezidentning normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan hollarda” xizmat ko‘rsatishni to‘xtatib turishi shart.

Loyihaning birinchi versiyasida aloqa xizmatlari FXXdan “so‘rov” kelib tushganda, “prezident va hukumatning normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan hollarda, fuqarolar va davlatni paydo bo‘layotgan xavfsizlik tahdidlaridan himoya qilish maqsadida” to‘xtatilishi mumkinligi aytilgan edi. Ikkinchi o‘qishga kelib hujjatdagi “so‘rov” so‘zi “talab”ga almashtirildi, aholini “xavfsizlik tahdidlari”dan himoya qilish haqidagi qism esa butunlay chiqarib tashlandi. Shuningdek, matndan hukumat haqidagi eslatma ham olib tashlanib, faqat RF prezidenti qoldirildi.

“Pervyy otdel” huquqshunosi Yevgeniy Smirnov fikricha, tuzatishlar qabul qilingach, Rossiyada aloqani bloklash sabablari cheklanmaydi. «Bu, aslida, prezidentning qo‘lini bo‘shatadi, chunki u ana shu holatlarni o‘zi belgilaydi», — dedi Smirnov “Agenstvo” nashriga bergan izohida.

Boshqa huquqiy ekspert Valeriya Vetoshkinaning qarashicha, tuzatishlar amalda mavjud kuchlar muvozanatini tubdan o‘zgartirmaydi, faqat yuridik rasmiylashtirishni hamda FXX talablari uchun formal to‘siqlarni soddalashtiradi.

Qabul qilingan qonunga ko‘ra, FXX talabi bilan aloqa bloklangan hollarda operatorlar xizmat ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar bajarilmagani uchun mijozlar oldida javobgar bo‘lmaydi. Qonun prezident imzolaganidan 10 kun o‘tgach kuchga kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid