Sport | 13:45 / 05.10.2017
18358
3 daqiqa o‘qiladi

JCh-2030 birdaniga 3 davlatda o‘tkazilishi mumkin

Janubiy Amerikaning uch mamlakati - Paragvay, Argentina va Urugvay prezidentlari 2030 yilda futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilish uchun birgalikda murojaat bilan chiqish niyatida ekanliklarini ma'lum qilishdi. Bu haqda AP agentligi xabar bermoqda.

Paragvay rahbari Oracio Kartes, Argentina yetakchisi Maurisio Makri va Urugvay prezidenti Tabare Vaskes chorshanba kuni Buenos-Ayresdagi prezidentlik saroyida bu borada bayonot bilan chiqish qildilar. 

Shu bilan birga, Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) tomonidan 2030 yilgi jahon chempionatini o‘tkazish uchun arizalar to‘rt yildan keyingina qabul qilinadi. Taxminlarga ko‘ra, murojaatga Argentinadan oltita, Urugvay hamda Paragvaydan esa uchtadan shahar kiradi. 

Avvalroq, 2030 yilda jahon chempionatini qabul qilish huquqi uchun Xitoy va Angliya ham kurash olib borish niyatida ekanligi xabar qilingandi.

2030 yilda jahon chempionatining 100 yilligi nishonlanadi. Tarixdagi birinchi musobaqa 1930 yilda Urugvayda bo‘lib o‘tgan. Argentina jahon chempionatini 1978 yilda qabul qilgan bo‘lsa, Paragvay hech qachon bunday huquqni qo‘lga kiritmagan. Ilgari faqat bir marta jahon chempionatiga ikki mamlakat mezbonlik qilgandi - 2002 yilda musobaqa Yaponiya va Janubiy Koreyada o‘tkazildi. 

2018 yilgi jahon chempionati Rossiyada, 2022 yilda esa - Qatarda o‘tkaziladi. Shimoliy Amerika 2026 yilgi jahon chempionatini qabul qilish uchun eng yaxshi nomzod bo‘lib turibdi. Xalqaro futbol federatsiyasi prezidenti Janni Infantinoning ta'kidlashicha, musobaqa birdaniga uch davlat - AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tishi mumkin.

"Biz uni [Jahon chempionatini] o‘tkazish niyatida bo‘lgan boshqa mamlakatlar ham borligini bilamiz, lekin mening fikrimcha, Urugvayda birinchi jahon chempionati bo‘lib o‘tganining 100 yilligi mintaqani juda jozibador qiladi", - deya Paragvay rahbarining so‘zlarini keltiradi 
Reuters agentligi.

Makri qo‘shma murojaat bilan chiqish haqidagi qaror juda tez qabul qilinganini ta'kidlab o‘tdi. "Dastlab g‘oya Urugvaydan chiqdi, hamda biz “ha” deyishimiz uchun 40 soniya vaqt kerak bo‘ldi, - dedi u. - Paragvay o‘z nomzodini taklif qilganida, menga rozi bo‘lish uchun yana 40 soniya talab etildi. Urugvay Paragvayning qo‘shilganiga juda ijobiy munosabatda bo‘ldi, hamda o‘ylashimcha, bu bizning qo‘shma murojaatga qo‘shimcha kuch beradi".

Tadbirda FIFA prezidenti Infantino ham ishtirok etib, u qo‘shma murojaatda Argentinaning o‘rni muhimligini qayd etib o‘tgan.

Mavzuga oid