O‘zbekiston | 19:40 / 06.10.2017
6626
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkaziladi

Qirg‘izistonda O‘zbekiston kunlarining tantanali ochilishiga bag‘ishlangan konsert dasturida ishtirok etuvchi O‘zbekiston ijodiy delegatsiyasi 5 oktabr kuni Bishkekka yetib bordi. Kontsert dasturi 6 oktabr kuni T.Satilganov nomidagi qirg‘iz milliy filarmoniyasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilib, unda O‘zbekiston xalq artistlari, xizmat ko‘rsatgan artistlar ishtirok etadilar.
        
Tomoshabinlarni o‘zbek estradasi xonandalarining chiqishlari ham kutmoqda. Har bir chiqishni “O‘zbekiston” va “Navbahor” raqs ansambllarining raqslari to‘ldiradi. 

Bundan tashqari o‘zbek milliy musiqalarining D.Bekmurodova, Sh.Ozatova, A.Ergasheva, X.Karimova, B.Mirzayeva, X.Yo‘ldosheva, Sh.Xolmirzayeva, Yu.Abdullayeva, F.Alimova, I.Ablakulova va E.Fayziyevalar ijrosidagi talqini namoyish etiladi. 

6 oktabr kuni 14:30 da Gapar Aytiyev nomidagi qirg‘iz milliy tasviriy san'at muzeyida o‘zbek fotograflarining “O‘zbekiston qiyofasi: tarix va zamonaviylik” mavzusidagi fotoko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Fotoko‘rgazmadan zamonaviy O‘zbekistonning turli jabhalarini aks ettiruvchi suratlar o‘rin oldi. 

Abdug‘ani Jumayev (“Xalqaro forumlar saroyi”, “Xonanda Munojot Yo‘lchiyeva”), Vladimir Jirnov (“Kechki Registon”, “Izlar”), Rustam Shagayev (“Yosh chempion”), Vladimir Shlosberg (“Erkinlik. Buyuklik”), Farxod Qurbonboyev (“Mustaqillik ko‘priklari”) va boshqalarning suratlarida mamlakat har bir viloyatining o‘ziga xos milliy hamda umuminsoniy qiymat kasb etuvchi boy an'analarini ko‘rish mumkin.

Qolaversa, Bishkek va O‘sh kinoteatrlarida 6-7 oktabr kunlari Akbar Bekturdiyevning “Oyqiz ertagi” filmi namoyishi bo‘lib o‘tadi. “Oyqiz ertagi” kinokartinasi ekshn va fentezi janrida suratga olingan bo‘lib, o‘rta asrlar podsholigi davrini aks ettiradi. Film Xiva shahrida suratga olingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid