O‘zbekiston | 17:12 / 07.10.2017
27802
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni tabrikladi

Foto: President.uz/Arxiv

7 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Suhbat boshida O‘zbekiston rahbari Rossiya Federatsiya prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, Rossiya yetakchisining ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining rivojlanishi va chuqurlashtirilishi, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishdagi o‘rni va bunga qo‘shgan katta shaxsiy hissasini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Joriy yilning aprel oyida Rossiyaga samarali davlat tashrifi va oliy darajada o‘tkazilgan uchrashuvlar ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlab, ularga aniq amaliy mazmun baxsh etgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Aloqalarning sezilarli kuchaygani kuzatilmoqda: so‘nggi oylar davomida O‘zbekistonga Rossiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya hamraisi Igor Shuvalov, Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev, qishloq xo‘jaligi vaziri Aleksandr Tkachev, sanoat va savdo vaziri D. Manturov, Tatariston rahbari R. Minnixanov va boshqalar tashrif buyurdi. Oliy va yuqori darajada bir qator o‘zaro tashriflar rejalashtirilgan.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi dinamik ravishda o‘sib bormoqda - yil boshidan buyon tovar aylanmasi 3 milliard dollardan oshdi.

Rossiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari ishtirokida neftgaz va neftkimyo sohalari, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika sanoati, farmatsevtika, agrosanoat kompleksi, oziq-ovqat va boshqa sohalarda yirik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Hududlar va ikki davlat ishbilarmonlari darajasida amaliy hamkorlik faollashdi. Madaniy-gumanitar aloqalar kengaymoqda.

Ta'kidlanishicha, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga Moskva va Butun Rus patriarxi Kirillning O‘zbekistonga yaqinda amalga oshirilgan tashrifi ham xizmat qildi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari bo‘yicha fikr almashildi. 

Muloqot yakunida O‘zbekiston rahbari Rossiya prezidentini yana bir bor samimiy muborakbod etdi va unga sihat-salomatlik, farovonlik hamda doimiy muvaffaqiyatlar, do‘stona rus xalqiga esa tinchlik va farovonlik tiladi.

Rossiya rahbari O‘zbekiston yetakchisi va xalqiga samimiy tabriklar uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qat'iy munosabatda ekanini ta'kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid