Jahon | 18:50 / 08.10.2017
11059
2 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In singlisini siyosiy byuro a'zosi etib tayinladi

Foto: Ekonomika segodnya

KXDR rahbari Kim Chen In Koreya Mehnat partiyasi plenumi davomida kichik singlisi Kim Yo Chjonni Siyosiy byuro Markaziy kengashi a'zosi o‘rinbosari etib tayinlagan. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Yoki 28, yoki 30 yoshda bo‘lgan Kim Yo Chjon 2015 yilda Mehnat partiyasining asosiy amaldorlaridan biriga turmushga chiqqandi. U siyosiy byuroda aynan qanday vazifalarni bajarishi ma'lum emas.

Reuters xabariga ko‘ra, Siyosiy byuroning 35 yoshdan kichik bo‘lgan a'zolari faqat ikki nafar, bular — Kim Chen In va Kim Yo Chjon. Chjon AQShning KXDRda inson huquqlari buzilishi yuzasidan tuzilgan sanksiyalar ro‘yxatida turadi.

Kim Chen In KXDRni 2011 yilning dekabridan buyon boshqarmoqda, u otasi Kim Chen Irning vafotidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan. Uning boshqaruvi davrida Shimoliy Koreya avvalgi rahbarlar davridagidan (1952 yildan 2011 yilgacha bo‘lgan davr) ko‘ra ko‘proq raketa sinovlari o‘tkazdi.

KXDR Mehnat partiyasining Siyosiy byurosi mamlakat siyosiy hayotidagi eng asosiy organ hisoblanadi, bu organ mamlakat taqdirini hal qiluvchi muhim qarorlarni qabul qiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid