Fan-texnika | 15:45 / 11.10.2017
10702
3 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya quyosh panellarini ishlatish bo‘yicha haqiqiy inqilobga yaqinlashdi

Foto: East News

Avstraliya energetika bozorining operatori fikricha, 10 yildan so‘ng quyosh panellari an'anaviy elektr stansiyalarini to‘liq almashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda Clean Technica yozmoqda.

Avstraliyada elektr stansiyalarining minimal quvvat sarflash rekordi yangilandi. U avvalgi rekord - o‘tgan oygi 786,42 MVt bilan solishtirganda 587 MVt.ga tushdi. Aftidan, hamma narsa ob-havoda – hozir Janubiy yarim sharda erta bahor bo‘lib turibdi va hech kim konditsionerlarni yoqmaydi. Natijada, Janubiy Avstraliya shtatida quyosh panellari jami energiya ishlab chiqarish quvvatining 47,8 foizi bilan ta'minladi.

Avstraliya operatori fikricha, 2019 yilga kelib minimal energiya iste'moli rekordi 354 MVt.ga yetishi, 10 yildan so‘ng esa uylarning tomlarida joylashgan quyosh panellari elektr stansiyalarini to‘liq almashtirishi mumkin. Xuddi shunday taxmin G‘arbiy Avstraliyaga ham taalluqlidir.

Quyosh panellari qorong‘u paytda ishlamaydi, bir kun davomida yig‘ilgan energiyani ham saqlab qola olmaydi. Shu sababdan uy egalari umumiy elektr tarmog‘iga ulanishi kerak. Biroq, kunduz kuni bunga ehtiyoj qolmaydi, shuning uchun Janubiy Avstraliya kechki va kunduzgi vaqt ichida elektrga bo‘lgan talab o‘rtasidagi farqni sezilarli darajada kamaytirgan birinchi mintaqaga aylandi. Ko‘p jihatdan, bu quyosh panellari narxining sezilarli pasayishi bilan bog‘liq.

Endi Avstraliyada kun davomida yig‘ilgan quyosh energiyasidan kechqurun foydalanish imkonini beradigan saqlash tizimlarini yaratish ustida ishlashmoqda. Bundan tashqari, shamol energiyasi ko‘pincha shaharchalar elektr ehtiyojining 100 foizini ta'minlashi mumkin. Shu sababli, energiya stansiyalari uchun «asosiy yuk» tushunchasini qayta ko‘rib chiqish va qayta tiklanadigan energiya manbalarining ko‘payib borayotganligini inobatga olgan holda, imkoniyatlarni moslashuvchan ravishda qayta taqsimlashni o‘rganish kerak.

Shu bilan birga, avstraliyalik me'morlar yiliga atigi 3 dollar sarflaydigan aqlli uyni qurishdi. U kun davomida quyosh nurini to‘plab, shu issiqlik bilan xonani qizdirish imkoniyatiga ega.

Mavzuga oid