«Grin kard» anketasini mustaqil va to‘g‘ri to‘ldirish uchun to‘liq qo‘llanma
Har yili 3 oktabrdan boshlab navbatdagi Green Card uchun lotereyadan ro‘yxatdan o‘tish boshlanadi va bu joriy yilning 7 noyabrigacha davom etadi.
Ro‘yxatdan o‘tish faqatgina www.dvlottery.state.gov sayti orqali amalga oshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tish mutlaqo bepul.
Aslida lotoreya uchun ro‘yxatdan o‘tishda vositachilar xizmatidan foydalanmaganingiz ma'qul. Birinchidan, orada turgan vositachilar siz o‘zingiz shundoq ham to‘ldirishingiz mumkin bo‘lgan, kishidan ingliz tilini eng oddiy darajada bilish talab etiladigan anketani 60-150 ming so‘mga to‘ldirib berishadi. Ikkinchidan, orada turuvchi vositachilar lotereyada yutish uchun hyech qanday rol o‘ynamaydilar, buni kompyuterning o‘zi bajaradi. Uchinchidan, keyinchalik vositachi sizning nomingizdan keyingi yillarda ham anketani to‘ldirishi va undan bexabar siz o‘zingiz ham to‘ldirganda ikkala arizani umumiy bazadan o‘chirib tashlanishiga sabab bo‘ladi. To‘rtinchidan, vositachilar anketa to‘ldirayotganda sizning pochtangizni emas, balki o‘zi ochgan pochtani yozadi va odatda sizga natijani tekshirish uchun beriladigan kodni berishmaydi, bu bilan ular sizga yutuq chiqqanda tasdiqlash kodini taqdim etish evaziga to‘lov olishdan umidvor bo‘lishadi.
Biz sizga diversifikatsion lotereya (DV) da o‘zingiz anketani to‘ldirish uchun to‘liq qo‘llanmani taklif etamiz.
Grinkard anketasi qanday to‘g‘ri to‘ldiriladi?
Sizga buning uchun 30 daqiqa vaqt beriladi. Ushbu vaqt ichida, anketani to‘ldirib bo‘lganingizdan so‘ng, sizga uni yana bir marotaba tekshirib olish imkoni beriladi. Anketa faqat lotin alifbosidan foydalangan holda to‘ldiriladi.
Anketa bir necha qismlardan tashkil topgan. Birinchi qismi anketa to‘ldiruvchining shaxsiy ma'lumotlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 14ta banddan iborat. Agar siz turmush o‘rtog‘ingiz yoki farzandlaringizni ko‘rsatgan bo‘lsangiz, u holda ularning ma'lumotlarini kiritish uchun ikkinchi qism ochiladi.
1. Ism
Last/Family Name – familiya, First Name – ism, Middle Name – pastga qarang.
Ism va familiya degan joyiga amaldagi pasportingizning ingliz tilida yozilgan sahifasidagi ism-sharifingizni yozasiz.
Middle Name qismiga nima yozish kerak – ko‘pchilik bu yerga otasining ismini yozish kerak deb xato o‘ylaydi. Vaholanki, Middle Name va otasining ismi bu ikki turli tushunchalar hisoblanadi. G‘arbda ko‘pchilikda ikkinchi (o‘rta) ism mavjud, bu esa bizda deyarli uchramaydi. Lekin hozirda anketa yozish qoidalari biroz o‘zgargan va ushbu joyda otasining ismini yozsa bo‘ladi, qachonki u pasportning inglizcha qismida mavjud bo‘lsa. Lekin, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining pasportida bunday joy mavjud emas. Demak, ushbu joyning tanidagi No middle name degan katakchani belgilab qo‘yamiz, xolos.
2. Jinsi
Male – erkak, Female – ayol.
3. Tug‘ilgan vaqti
Month – oy, Day – kun, Year – yil. Bularning barchasi raqamlar bilan ko‘rsatiladi.
4. Siz tug‘ilgan shahar
Tug‘ilgan joyingizning hozirgi nomini yozing. Odatda pasportingizda bu joy ko‘rsatilgan bo‘ladi. Lekin shunisiga e'tibor berish lozimki, odatda pasportning o‘zbekcha sahifasida siz tug‘ilgan tuman, inglizcha sahifasida esa siz tug‘ilgan viloyat nomi yozilgan bo‘ladi. Shu bois inglizcha sahifada yozilgan joy jomini ko‘rsatgan ma'qul. Joy nomini ko‘rsatishda bitta shahar nomini ko‘rsatish kifoya, tuman, shahar, viloyat tarzida ko‘rsatish shart EMAS. Yashash joyingiz zamonaviy nomining rasmiy manbasidan izlab ko‘ring. Joy nomi lotin harflari bilan yozilishi kerak.
Joy nomlari zamonaviy nomlarining manbasi sifatida ushbu lotereyani o‘tkazadigan AQSh davlat departamenti saytining kalit so‘zlaridan foydalangan holda Google dan izlab ko‘rsangiz bo‘ladi. Buning uchun izlayotgan joy nomiga site:state.gov so‘zlari qo‘shib izlanadi. Bunday qidiruv ikki xil nomlanishga ega joy nomlarini aniqlashtirish uchun qulay hisoblanadi. Farg‘ona shahrining nomlanishini xuddi mana shunday qilib qidirib ko‘ramiz. Ferghana yoki Fergana? Qidiruvimiz quyidagi natijani berdi:
Ferghana so‘zi state.gov domenida 287 marta, Fergana so‘zi esa 212 marta uchramoqda. Aslida ularning ikkisi ham to‘g‘ri, lekin Ferghana so‘zi ko‘proq tushmoqda.
Agar siz qidirayotgan shahar nomi state.gov domenidan chiqmasa, u holda AQShning boshqa davlat saytlaridan site:gov kalit so‘zlari yordamida qidirib ko‘rishingiz mumkin. Agar bunda ham natija chiqmasa Wikipedia.org va maps.google.com dan foydalanish mumkin, to‘g‘ri, ular rasmiy saytlar emas, lekin juda ko‘pchilik foydalanadigan manba hisoblanadi.
Agar tug‘ilgan shahringiz noma'lum bo‘lsa, ushbu joy ostidagi Birth City Unknown (tug‘ilgan shahri ma'lum emas) katakchasini belgilab qo‘yasiz.
5. Siz tug‘ilgan davlat
Ushbu yerdagi ro‘yxatdan o‘zingiz tug‘ilgan davlatni belgilaysiz. Masalan, Uzbekistan, Kyrgyzstan, Tajikistan va hokazo.
6. DV dasturida qatnashish huquqiga ega bo‘lgan davlat
Agar siz lotoreyada qatnashadigan davlatlarning birortasida tug‘ilgan bo‘lsangiz, ushbu banddagi maydonlarga tegmasdan keyingi bandga o‘tib ketaverasiz. Qaysi davlatlarning ushbu ro‘yxatga kirishini ushbu manzildan aniqlasa bo‘ladi.
7. Qatnashuvchining surati
“Choose New Photo” tugmasini bosing va kompyuteringizdagi rasmni belgilang. DV viza lotoreyasida qatnashuvchi ishtirokchilarning rasmlari quyidagi oddiy va qat'iy qoidalar bo‘yicha tayyorlangan bo‘lishi kerak:
- Rasmga tushuvchi odam kameraga to‘g‘ri qarab turgan bo‘lishi;
- Odamning boshi tepaga, pastga yoki yonga qarab turgan bo‘lishi kerak emas;
- Boshning balandligi umumiy kadr uzunligining 50% - 69% oralig‘ida bo‘lishi kerak;
- Orqa fon neytral rangda bo‘lishi (oq bo‘lgani maqsadga muvofiq). To‘q yoki gulli fonga ega rasmlar qabul qilinmaydi;
- Rasm aniq olingan bo‘lishi;
- Rasmga tushuvchi kishi qora ko‘zoynak yoki yuzni to‘sib turuvchi boshqa turli aksessuarlarda bo‘lmasligi;
- Agar boshining yuqori qismi o‘rab turadigan kiyimi bo‘lsa va u kishi diniy e'tiqodi bilan bog‘liq bo‘lsa, uning biror qismi ham yuzni to‘sib turmasligi;
- Rasmga soya tushib turmagan bo‘lishi shart.
Texnik ko‘rsatkichlari:
- Rasm JPEG formati bo‘lishi kerak;
- Tasvirning maksimal hajmi 240 kilobayt (240 KB);
- Tasvir o‘lchami: uzunasiga va eniga 600x600 va 1200x1200 piksel oralig‘ida bo‘lishi lozim;
- Rang chuqurligi: 24 bit
8. Pochta manzili
Bu sizning, yaqin kishingiz, qarindoshingiz yoki shunchaki tanishingizning manzili bo‘lishi mumkin. Manzil sifatida istagan davlatingizni belgilashingiz mumkin.
Ushbu joy lotin alifbosidan foydalangan holda mazkur manzil pochta tashuvchisi tushunadigan holatda yozilishi kerak.
In Care Of – bu yerga pochta manzilidagi shaxsning ismi va familiyasi yoziladi. Bu yerga o‘zingizning ism familiyangizni yozsangiz ham bo‘ladi.
Address Line 1 – ushbu bandda ko‘cha nomi, uy va xonadon raqami ko‘rsatiladi. Pochta indeksi ko‘rsatilmaydi. Ikkinchi (Address Line 2) qator joy yoki ko‘cha nomi birinchi qatorga sig‘maganda yozish uchun ishlatiladi, agar sizda birinchi qatorga siqqan bo‘lsa, bu qator bo‘sh qoldiriladi.
City/Town – yashash joyining nomi.
District/Country/Province/State – respublika/ o‘lka/ viloyat/ okrug nomi. Bu yerdagi respublika so‘zi davlatdagi respublikaga tegishli emas, bu yerda avtonom respublikalar nazarda tutilmoqda. Agar siz Toshkent shahrida yashasangiz, bundan oldingi bandda uni ko‘rsatgan bo‘lasiz, lekin bu katak bo‘sh qolishi mumkin emas, shu bois ikkinchi marta Toshkent deb yozib qo‘yasiz. Qolgan barcha shahar va tumanlar qaysidir bir viloyat tarkibiga kiradi.
District/Country/Province/State – pochta indeksi. Pochta indeksini yozayotganda yangi pochta indekslarini yozishga harakat qiling, buni Google dan qidirib topsangiz bo‘ladi. Agar rostdan ham siz yashaydigan joyning pochta indeksi bo‘lmasa No Postal Code/Zip Code katakchasini belgilab qo‘yasiz.
Country – ro‘yxatdan davlatingizni belgilaysiz.
9. Ayni vaqtda yashayotgan davlatingiz nomi
Ro‘yxatdan ayni vaqtda yashayotgan davlatingiz nomini belgilaysiz. Fuqarolik yoki tug‘ilgan davlatingiz bilan adashtirib yubormang. Masalan, siz o‘qish bilan Malayziyada yoki ish bilan Rossiyada yashab turgan bo‘lsangiz o‘sha davlatlarni ko‘rsatasiz.
10. Telefon nomeri
Bu yerga o‘zingizning telefon raqamingizni xalqaro formatda yozasiz. Ushbu bandni to‘ldirish shart emas, lekin tavsiya qilinadi. Bu yerga uy telefon raqami yoki qo‘l telefonining raqamini yozsangiz bo‘ladi, eng muhimi u doim ishlashi va siz unga javob bera olishingiz kerakligini hisobga oling.
Masalan, sizga AQShdan qo‘ng‘iroq qiladigan bo‘lishsa u holda + 998-xx-xxx-xx-xx ko‘rinishida yozishingiz lozim.
11. Elektron pochta manzili
Birinchi qatorga elektron pochta manzilingizni yozasiz, ikkinchi qatorga esa uni xuddi o‘zidek qilib qaytadan ko‘chirib yozasiz.
12. Ma'lumot darajasi
Anketa to‘ldiralayotgan vaqtdagi ma'lumot darajasi yozilishi lozim. Bu yerda siz bir oy yoki 6 oydan keyin diplom olishingiz muhim emas. AQShdagi ta'lim tizimi O‘zbekistondagidan biroz farq qiladi, shu bois ushbu bandni to‘ldirayotganda e'tiborliroq bo‘lish lozim:
Primary school only – faqat boshlang‘ich maktab;
High School, no degree – o‘rta maktab, lekin shahodatnomasi yo‘q;
High School, degree – o‘rta maktab, shahodatnomaga ega;
Vocational School – kasb-hunar kolleji;
Some University Courses – to‘liqsiz oliy;
University Degree – oliy ma'lumot;
Some Graduate Level Courses – bir qancha magistratura darajasidagi kurslar;
Master’s Degree – magistr darajasi;
Some Doctorate Level Courses – Tugallanmagan aspirantura/doktorantura;
Doctorate Degree – doktorantura.
13. Oilaviy ahvoli
Oilaviy ahvoli degan band ayni vaqtdagi qonuniy oilaviy holatingiz bo‘yicha to‘ldiriladi.
Unmarried – hech qachon turmush qurmagan.
Married and my spouse is NOT a U.S. citizen or U.S. Lawful Permanent Resident (LPR) – uylangan/turmushga chiqqan. Turmush o‘rtog‘i AQSh fuqarosi yoki AQShda yashash huquqiga ega emas.
Married and my spouse IS a U.S. citizen or U.S. Lawful Permanent Resident (LPR) – uylangan/turmushga chiqqan. Turmush o‘rtog‘i AQSh fuqarosi yoki AQShda yashash huquqiga ega. Ushbu ikki banddan birini siz turmush o‘rtog‘ingiz bilan anchadan beri yashamayotgan bo‘lsangizu, lekin qonuniy nikoh mavjud bo‘lganda ham belgilaysiz, hattoki nikohingiz bekor qilinish bosqichidayu, lekin ariza to‘ldirayotgan vaqtingizda nikoh o‘z kuchida bo‘lsa ham.
Divorced – ajrashgan.
Widowed – turmush o‘rtog‘i vafot etgan.
Legally Separated – MDH davlatlarida Legally Separated holatining yuridik asosi mavjud emas, shu bois bu bandni belgilash suhbat jarayonida arizani rad etishga sabab bo‘ladi.
Agar siz shar'iy nikoh bilan yashayotgan bo‘lsangizu, lekin hali qonuniy nikohdan o‘tishga ulgurmagan bo‘lsangiz, married bandini tanlay olmaysiz.
14. Farzandlar soni
Bu yerga siz o‘zingizning barcha 21 yoshgacha bo‘lgan farzandlaringizni (nikohdagi farzandingiz bo‘lishi shart emas) Qayerda yashashidan qat'i nazar ko‘rsatasiz. Faqatgina AQSh fuqarosi yoki u yerda doimiy yashovchi farzandingiz yozilmaydi. Ushbu bandga farzandlaringiz soni raqam bilan yozasiz, agar farzandingiz bo‘lmasa nol yozasiz.
Ushbu bandda xotiningiz/eringizning avvalgi nikohidagi farzandlarini (21 yoshgacha) ham yozasiz. Xotiningiz/eringizning o‘zi boqib olgan farzandini ko‘rsatish shart emas, uni o‘sha arizachining o‘zi ko‘rsatadi.
Shundan so‘ng yozganlaringizni bir qator tekshirib chiqing va Continue (Davom etish) tugmasini bosing.
Agar siz xotiningiz/eringiz va farzandlaringizni ko‘rsatgan bo‘lsangiz, arizaning ikkinchi qismi ochiladi. Ikkinchi qismga ularning ma'lumotlarini o‘zingiznikiga o‘xshatib to‘ldirib chiqasiz. Har kim uchun o‘zining rasmi bo‘lishi shart.
Agar turmush o‘rtog‘ingizning o‘zi ham lotoreyada qatnashishni istasa alohida anketa to‘ldiradi. Ikkinchi qismga esa sizning ma'lumotlaringizni yozadi. Bunday holatda yutish ehtimoli ortadi.
Barcha jarayonlar tugaganidan so‘ng, Continue tugmasi bosiladi. Shundan so‘ng ochilgan sahifa orqali siz anketani bir qator ko‘zdan kechirib chiqishingiz lozim, xatoliklar bo‘lsa ortga qaytib to‘g‘irlash mumkin. Ushbu sahifa quyidagicha ko‘rinishda bo‘ladi:
Shundan so‘ng Submit tugmasini bosasiz, oynada sizning anketani muvaffaqiyatli to‘ldirganingiz haqidagi sahifa paydo bo‘ladi. Ushbu sahifada sizning ism sharifingiz, anketa to‘ldirilgan sana, natijani tekshirish kodi (16 belgidan iborat) bo‘ladi. Sahifa yuqorisida Print (Chop etish) tugmasi orqali chop etishingiz mumkin bo‘ladi. Natijani 1 may 2018 yil kunidan boshlab 2019 yil sentabrgacha tekshirish mumkin bo‘ladi.
Yuqoridagi ma'lumotlar asosida o‘zingiz vositachi yordamisiz bemalol anketani to‘ldira olasiz. Omad yor bulsin!
Baxtiyor SheRALIYeV
Mavzuga oid
18:32 / 05.10.2020
«Grin kard» uchun arizalar qabuli 7 oktyabrdan boshlanadi
22:48 / 06.06.2020
«Grin kard» natijalari tayyor. Uni qanday tekshirish mumkin?
12:52 / 12.05.2020
Karantindagi «Grin kard». Qoidalar o‘zgardimi?
12:41 / 22.05.2019