AQSh Davlat departamenti 2022 moliya yili uchun Turli millat vakillari dasturiga (DV-2022) arizalar qabuli 2020 yil 7 oktyabrdan boshlanishini e'lon qildi.
Arizalar 10 noyabrga qadar, dvlottery.state.gov portali orqali qabul qilinadi. Lotereyada ishtirok etish uchun ariza qoldirish mutlaqo bepul.
Natijalar 2021 yil 8 may kuni yuqoridagi saytda e'lon qilinadi.
Lotereyada g‘olib deb topilib, keyingi jarayonlardan muvaffaqiyatli o‘tganlar 2022 yilda AQShga ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘ladi.
Bu gal ham DV dasturi orqali 55 mingtagacha immigratsiyaviy viza berilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston fuqarolaridan xorijga chiqish biometrik pasportiga ega bo‘lish va anketa to‘ldirayotganda ushbu pasport ma'lumotlarini kiritish talab etiladi.
Barcha nomzodlar eng kamida o‘rta ta'limni tamomlagan bo‘lishi yoxud so‘nggi 5 yil davomida 2 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.
Eslatma: Har bir shaxs tomonidan yoki uning nomidan faqat bitta ariza topshirilishiga ruxsat berilgan. Ariza to‘ldirilgandan so‘ng, tasdiqlov raqami (rasmiy nomi – Arizachi Maqomini Tekshirish Funksiyasi – Entrant Status Check)ga oid ma'lumotni chop etib yoki saqlab olishingiz zarur. Bu ma'lumotni zinhor tashlab yubormang! Birovga bermang! Zero bu – dastur natijasini tekshirib ko‘rishning yagona imkoniyati. Siz uchun kimdir arizani to‘ldirib bersa, albatta bu ma'lumotni talab qiling. Yo‘qsa, sizga yutuq chiqqan taqdirda tovlamachilik qilib, sizdan pul undirish harakatiga tushib qolishi mumkin.
AQSh Davlat departamenti bittadan ortiq kiritilgan arizalarni aniqlash uchun murakkab texnologiyalardan foydalanadi. Murojaatchining bittadan ortiq topshirgan arizalari dasturdan chetlatiladi.
Ariza ingliz tilida bexato to‘ldirilishi va ilova qilinayotgan fotosurat belgilangan talablarga javob berishi kerak. Aks holda ariza lotereyaga qo‘yilmaydi.
Ma'lumot uchun, Diversity Visa dasturidan ko‘zlangan maqsad – AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari tarixan kam bo‘lgan davlatlar fuqarolarini Amerikaga kelishga rag‘batlantirishdan iborat. Oxirgi 5 yilda 50 mingdan ko‘p fuqarosi AQShga immigratsiya qilgan davlatlar fuqarolari dasturda qatnasha olmaydi; ular qatorida Xitoy, Kanada, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Hindiston, Pokiston, Braziliya kabi mamlakatlar bor.









