O‘zbekiston | 18:53 / 13.10.2017
4750
2 daqiqa o‘qiladi

Aerostat uchuvchilariga guvohnomalar beriladi 

Davavianazorat boshlig‘ining buyrug‘i (2017 yil 10 oktabr) bilan “O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi guvohnomalarini berish va aviatsiya xodimlarining turlari” O‘zbekiston Respublikasi Aviatsiya qoidalariga (O‘zR AQ-61) qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Endi guvohnomalar aerostat uchuvchilariga ham beriladi. U Davavianazorat tomonidan tasdiqlangan dasturlar bo‘yicha uchish o‘quv yurtlarida aerostat uchuvchisi sifatida to‘liq o‘quv kursini tamomlagan shaxslarga beriladi. Nomzod 17 yoshdan kichik bo‘lmasligi va amaldagi tibbiy xulosaga ega bo‘lishi kerak.
 
Aerostat uchuvchisi guvohnomasi umumiy namunada 1-sahifasida «Aerostat uchuvchisi» yozuvi bilan beriladi. Uning amal qilish muddati – 2 yil, biroq uni quyidagi asoslar bilan uzaytirish mumkin:

•  uchish ishiga qo‘yish to‘g‘risida TUEKning tibbiy xulosasi;
•  oxirgi 2 yil ichida uchganligini tasdiqlovchi hujjat;
•  2 nusxada rasmiylashtirilgan taqdimnoma.
 
Buning uchun 28 ta fan bo‘yicha imtihon ham topshiriladi, ularning har biri bo‘yicha 4 dan past bo‘lmagan baho olish kerak. Hujjat bilan aerostat uchuvchilarining bilimlari va mahoratiga talablar tasdiqlandi.
 
Uchish texnikasini Davavianazoratning Oliy malaka komissiyasi (OMK) inspektorlari yoki uning raisi (o‘rinbosari) ruxsatnomasiga binoan fuqaro aviatsiyasi ekspluatantlarining malaka komissiyasi inspektor-uchuvchilari tekshiradi. Uchish texnikasini kamida to‘rt bahoga topshirish kerak.
 
Agar yarim yil mobaynida aerostat uchuvchisi 4 ta uchirish va ko‘tarilishni bajarmagan bo‘lsa, u guvohnoma egasi huquqlaridan foydalana olmaydi.
 
Hujjat 11.10.2017 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid