O‘zbekiston | 12:40 / 13.10.2017
19891
2 daqiqa o‘qiladi

Ohangaron metall konstruksiya zavodiga tamal toshi qo‘yi​ldi

12 oktabr kuni Angren erkin iqtisodiy zonasining Ohangaron sektorida dastlabki loyiha qiymati 10,7 million AQSh dollarini tashkil etadigan Ohangaron metall konstruksiya zavodiga tamal toshi qo‘yish marosimi o‘tkazildi. Unda Turkiyaning DAL Teknik Makina Ticaret ve Sanayi A. Ş. kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Jyevdet Dal, Angren EIZ rahbariyati  va Ohangaron tumani hokimligi vakillari ishtirok etishdi. To‘laligicha turk sarmoyasi hisobidan barpo etiladigan mazkur zavod 2018 yil may oyida qurib bitirilishi rejalashtirilmoqda.

DAL Heavy Industries MChJ XK bosh direktori Jobir Shukrullayevning Kun.uz’ga xabar qilishicha, loyihaning dastlabki bosqichida yiliga 12 ming tonna, ikkinchi va uchinchi bosqichlarida esa 24 ming va 30 ming tonna metall konstruksiya ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha to‘liq ishga tushirilganda 400 nafar ishchi doimiy ish o‘rni bilan ta'minlanishi rejalashtirilgan. Zavodda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ichki bozorni yuqori sifatli zamonaviy tovar bilan ta'minlashdan tashqari Qozog‘iston, Turkmaniston va Qirg‘iziston kabi qo‘shni davlatlarga eksport qilinishi mo‘ljallanmoqda.

Shuningdek, DAL Teknik Makina Ticaret ve Sanayi A. Ş. 2012 yildan  2016 yilgacha Jizzax viloyatida umumiy qiymati 133,4 million AQSh dollariga teng Jizzax sement zavodini barpo etish va kengaytirishi ustida ish olib bordi. Ayni paytda kompaniya Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida umumiy qiymati 203,1 million AQSh dollariga teng Sherobod sement zavodini qurish ishlarini davom ettirmoqda.

Bundan tashqari, 2018 yil so‘ngiga qadar kompaniya tomonidan Jizzax viloyatida 12,6 million AQSh dollariga teng 4ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

 

Mavzuga oid