O‘zbekiston | 15:20 / 15.10.2017
21106
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: O‘zbekiston Hindistonga uran yetkazib beruvchi strategik hamkorga aylanishi mumkin

Foto: Business Standard

O‘zbekiston Janubiy Osiyo mintaqasida atom stansiyalari ko‘payib borayotganini inobatga olgan holda, uran yetkazib berishda Hindiston bilan strategik hamkorlik shartlarini ko‘rib chiqishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Economic Times nashriga ma'lum manba xabar bergan.

So‘nggi 10 yil ichida uranni Markaziy Osiyodan Hindistonga Qozog‘iston yetkazib berardi. Endilikda bu maydonda O‘zbekistonning faolligini ko‘rish mumkin. Aynan o‘zbek uran boyligi jahonda yettinchi pog‘onada qayd etilishi hisobga olinsa, bunday sherikchilik Hindiston uchun ham foydali bo‘lishi mumkin.

Hindistonda yuqori lavozimda ishlaydigan rahbarning aytishicha, O‘zbekiston delegatsiyasi joriy avgust oyida mamlakatga tashrif buyurib, ushbu masalani ham muhokama qilgan.

Xabarda aytilishicha, Ostona shahrida o‘tkazilgan ShXT doirasida o‘tgan sammitda uchrashgan prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Narendra Modining o‘zaro suhbatidan ikki oy o‘tib ana shunday o‘zgarishlar yuz bergan. Agar kelishuv amalga oshsa, Hindiston O‘zbekistondan 2000 tonnadan ortiq uran sotib olishi mumkin.

Strategik hamkorlik ortidan O‘zbekiston Hind okeaniga chiqishda Hindistonning dengiz portlaridan imtiyozli foydalanish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid