Jahon | 10:02 / 17.10.2017
8009
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda 2 nafar sobiq deputat qamaldi

Tojikistonning Xo‘jand shahar sudi Istiqlol shahri kengashining ikki sobiq deputatini firibgarlik hamda korrupsiyaga qarshi agentlik xodimiga pora berishda aybladi. Saodat Sharifzoda 9, Ravshan Hasanov esa 5,6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Jinoyat ishi bo‘yicha uchinchi shaxs - haydovchi Akbar Ismoilov ham firibgarlikda ayblanib, 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sud unga 85,000 AQSh dollari miqdorida jarima to‘lashni belgilab qo‘ydi. Istiqlol shahri kengashining ikki deputati Saodat Sharifzoda va Ravshan Hasanov to‘rt oy oldin Xo‘jandda Davlat moliya nazorati va korrupsiyaga qarshi kurash agentligi xodimlari tomonidan qo‘lga olingandi.

Davlat moliya nazorati va korrupsiyaga qarshi kurash agentligining So‘g‘d viloyati bo‘yicha Boshqarmasi boshlig‘i Karim Ibrohimzodaning matbuot anjumanidagi so‘zlariga ko‘ra, deputat Saodat Sharifzoda 2013 yil davomida haydovchisi Akpar Ismoilov bilan birgalikda bir necha mahalliy aholi vakillari ishonchiga kirib, ulardan 200 ming dollar olishgan hamda bu mablag‘ni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborishgan.

Unga ko‘ra, Istiqlol shahri kengashi deputati Ravshan Hasanov korrupsiyaga qarshi kurash mahkamasi xodimiga Saodat Sharifzoda nomidan jinoyatni yashirish uchun 2 ming dollar miqdorida pora taklif qilgan.

Ish to‘rt yil muqaddam So‘g‘d viloyatida davlat obektlarini xususiylashtirish uchun ma'lum bir fuqaro sudlanuvchilarga 200 ming dollar pora bergani ma'lum bo‘lganidan keyin qo‘zg‘atildi. «Va'da bajarilmagan, hamda fuqaro korrupsiyaga qarshi kurash agentligiga ariza bilan murojaat qildi», - deya xabar berdi Karim Ibrohimzoda.

Mavzuga oid