O‘zbekiston | 21:40 / 20.10.2017
46272
11 daqiqa o‘qiladi

XPKda «ilg‘or» fermerlar ertagi

Foto: Xalqaro Press-klub

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fermerlik harakatini yanada rivojlantirish, tomorqa yerlari va dehqon xo‘jaliklari samaradorligini oshirishga qaratilgan 2017 yil 9 oktabrdagi PF-5199-son farmoni qabul qilindi.

Hujjatda ta'kidlanishicha, mazkur farmon qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini ta'minlash, pirovard natijada yer egalarining daromadlarini ko‘paytirishga bo‘lgan munosabatlarini tubdan o‘zgartirish maqsadida qabul qilingan.

19 oktabr kuni Xalqaro Press klubda mazkur farmon ijrosi va undan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlangan navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bahodir Tojiyev, Qonunchilik palatasi agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi To‘lqin Eshnazarov, Adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov, O‘zbekiston fermerlar, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari Kengashi raisi Bahodir Yusupov, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Maqsud Ro‘zimetov spiker sifatida ishtirok etdi.

Bahodir Tojiyev
Foto: Xalqaro Press-klub
Bahodir Yusupov
Foto: Xalqaro Press-klub
To‘lqin Eshnazarov
Foto: Xalqaro Press-klub
Maqsud Ro‘zimetov
Foto: Xalqaro Press-klub

“O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi: islohotlarning yangi bosqichi” mavzusida bo‘lib o‘tgan XPK sessiyasida farmondan kelib chiqadigan vazifalar muhokama qilindi. Qayd etish kerakki, mehmon spikerlar, unda qatnashgan fermerlar shunchalik yonib, o‘zlari erishayotgan natijalarni so‘zlab berishdiki, go‘yoki Prezident farmonida qayd etilgan ushbu sohadagi qator kamchiliklar yolg‘ondek tassurot uyg‘otadi.

Farmonda qayd etilgan muammolar nimalardan iborat?

O‘zbekiston fermerlari kengashi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar – fermer  xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, fermerlik harakatini yanada rivojlantirishni bajara olmagan.

Aholi ixtiyoridagi 480 ming gektardan ortiq tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligi past darajada qolmoqda. Uzoq yillar foydalanilmayotgan tomorqa yer egalarining yerga nisbatan munosabatini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha tizimli ish olib borilmagan.

Fermer va dehqon xo‘jaliklarining yer maydonlari hamda tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish ustidan parlament, vakillik va jamoatchilik nazorati lozim darajada o‘rnatilmagan.

Fermer xo‘jaliklarining asosiy qismi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan cheklanib qolmoqda, ularning qayta ishlash, saqlash, tayyor mahsulotlarni sotish va xizmatlar ko‘rsatish kabi ko‘p tarmoqli faoliyatini yo‘lga qo‘yishda mavjud imkoniyatlardan foydalanilmayapti.

Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini moddiy-texnika resurslari bilan ta'minlash va ularga xizmat ko‘rsatishda zarur infratuzilmalar yaratilmagan hamda sohada bozor mexanizmlari yetarli darajada shakllanmagan.

Aksariyat fermer xo‘jaliklarining bugungi moliyaviy ahvoli zamonaviy, resurstejovchi qishloq xo‘jaligi texnika vositalarini xarid qilish, ishlab chiqarishda ilg‘or agrotexnologiya, innovatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish imkonini bermayapti.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari a'zolari va tomorqa yer egalarining qishloq ho‘jalik mahsulotlarini yetishtirish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni zarur ma'lumot va axborotlar bilan ta'minlash hamda boshqa xizmatlar ko‘rsatish tizimi, shuningdek fermer xo‘jaliklarida mehnat munosabatlarini tashkil etish holati bugungi kun talablariga javob bermaydi.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Garchi, XPK uning sessiyasida qatnashuvchi spikerlarning OAV vakillariga axborot taqdim etish maqsadida tashkil etilgani aytilsa-da, sessiyaning jonli efirda uzatilayotgan qismida jurnalistlarga savol berish uchun imkon berilayotgani yo‘q.

XPK sessiyasida spikerlarga murojaat qilinib, ularning e'tibori yutuqlar barobarida kamchiliklar mavjudligiga qaratildi. Bundan tashqari, buyruq va nazorat bilan emas, aksincha insonlar ongini, moddiy manfaatdorligini oshirish bilangina fermerchilik, umuman qishloq xo‘jaligida yuksak natijalarga erishish mumkin, degan fikr bildirildi.

Xo‘sh, bugungi kun oddiy fermerida moddiy manfaatdorlik qaydarajada? Rasmiy ma'lumotlarni qo‘yaturaylik-da, biz ham o‘zimiz bilgancha, dehqonchasiga hisob-kitob qilaylik. Chunki, har bir fikr hisob-kitoblarga tayanilsa, yanada ishonchliroq chiqadi. 10 gektar yeri bor fermer sabzavotchilik-bog‘dorchilikka ixtisoslashgan tumanda istiqomat qilsa, 80 foiz yer hududiga bug‘doy ekishi kerak. Quyidagi jadvalda KUN.UZ muxbiri suhbatlashgan fermerdan bir gektar yer maydonida g‘alla hosili yetishtirish uchun xarajatlar va uning xarid narxini qiyoslash mumkin. Ma'lum bo‘lishicha, 10 gektar yerdan 8 gektarga bug‘doy ekiladi. Unga ketadigan xarajatlar quyidagicha:

Oddiy arifmetika, bir ozgina hisob-kitob va fermerning 8 gektar yerga qadagan g‘alladan olayotgan sof daromadi 556 ming so‘mni tashkil etishi ma'lum bo‘ladi. Yana bir tomoni yuqorida ko‘rsatilgan jadvalda ishchi haqi hisoblanmagan. Ishchi uchun ish haqi ham fermer hisobidan bo‘lishi e'tiborga olinsa, kamida 5 oyga ishchi yollanilsa, fermer o‘z-o‘zidan zararga o‘tishi oydinlashadi.

Mana shu raqamlar nima uchun ko‘pchilik qishloq joylarda istiqomat qiluvchi aholi dehqonchilik qilish, fermer bo‘lish o‘rniga yaqin xorijni ma'qul ko‘rayotganini izohlaydi. Aytaylik, 8 gektar yerga bug‘doy ekkan fermer hisobiga 9 oy deganda pul tushishini hisobga olsak va uning oilasida o‘zi bilan birga 5 jon bo‘lishini taxmin qilganimizda ham unga oyiga qancha mablag‘ zarurligini xomcho‘t qilish mushkul vazifa emas. Rossiyada mehnat muhojiri bo‘lishni tanlaganlar oyiga 100 AQSh dollari yuborgan taqdirda ham 8 gektarga bug‘doy ekkan fermerdan ko‘ra, yaxshiroq daromad qilishi kundek ravshan. 9 oyda 100 dollardan 900 dollar rasmiy kurs bo‘yicha 7 mln 200 ming atrofida.

Bundan tashqari, surishtiruv chog‘ida bir necha nafar fermerlar fikri o‘rganildi. Hokimiyat yoki moliya boshqarmalari yuqoridagi xarajatlarni qayyo‘sinda hisoblayotgani bizga qorong‘u, ammo jadvaldagi raqamlar osmondan olinmaganiga yuz foiz kafolat.

Bunda e'tibor beriladigan jihati bug‘doy sentabr-oktabr oylarida ekilsa, iyun-iyul oylarida yig‘ib olinadi. Bug‘doy urug‘ini sepish uchun ayrim joylarda takroriy ekinlar yetilishiga oz vaqtda haydab yuborilgan holatlar ham bo‘lganini rad etib bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Xalqaro Press klub sessiyasida Fermerlar kengashi raisi, hurmatli senatorlarimiz va Qonunchilik palatasi deputatining yoki ayrim fermerlarning yuksak natijalarni ko‘rsatayotgani, millionlab daromad ko‘rayotgani haqidagi da'volarini qanday tushunish mumkin? Yuqoridagi hisob-kitobimiz ularning gapini inkor etmaydimi?

Xo‘p, ikkinchi ekinga ruxsat berildi. Bu to‘g‘ri. XPK sessiyasida ma'lum qilinishicha, bu yil 1 mln gektardan ortiq g‘alladan bo‘shagan yerlarga ikkinchi ekin ekildi. Ammo aylanma mablag‘ uchun kredit olish shart-sharoiti barcha fermerlar uchun bir xilmi yoki tanlanganlar uchunmi? Bu masalaga sessiya spikerlari umuman e'tibor berishni ham xohlashmadi. Ular faqatgina yiliga 3 foizlik imtiyozli kredit berilishini e'tirof etishdi. Balki ushbu kreditni kimlar ololayotgani, kredit olishda barcha fermerlar kamsitilmasdan birdek imkoniyatga ega bo‘layaptimi, yo‘qmi, degan masalalar boshqa mavzudir?

Prezident Shavkat Mirziyoyev yutuq o‘zimizniki, kamchiliklarni gapirib, ularni birgalikda hal qilish yo‘lini topishimiz kerak, deya takror-takror uqdirmoqda. Minbarga chiqib, yuqoridagi raqamlarni keltirmasdan, xonada o‘tirib olib, xomaki hisoblash bilan millionlab daromad ko‘rayapti yoki ko‘radi, deyish bilan ish bitmasligini, nahotki, 19 oktabrda bo‘lib o‘tgan XPK sessiyasi spikerlari bilishmasa?! Daromaddan buromadni chiqarib tashlagandan so‘ng, sof foyda qolishini oddiy maktab o‘quvchisi ham biladi-ku? Axir holva degan bilan og‘iz chuchimaydi, deyilishi bejizga emas.

KUN.UZ muxbiri millionlab daromad ko‘rayotganlar qanday qilib, shunday natijaga erishayotganiga qiziqdi. To‘g‘ri, natijaga erishgan odam mehnatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yganini e'tirof etish xolislik nuqtainazaridan ham kerak. Bunday fermerlar oramizda kam emas. Shu savolga javob topish maqsadida oddiy fermerlar (bu yerda oddiy deyilishiga sabab, ularning tuman hokimiyati yoki yuqori davlat organlarida umuman tanish-bilishi bo‘lmaganligidir) fikrini o‘rgandik. Ularning fikricha, katta natijalar ko‘rsatayotgan fermerlarning aksariyati ortida ularni himoya qila oladigan kishilari, tanish-bilishlari borligidir.

Jumladan, shunday tanishi borlar avvalo belgilangan talab bo‘yicha mavjud yer maydonlarining 80 foiziga bug‘doy ekmaydi, yoxud eksa ham rejani bajarishni o‘ylamaydi, aksincha, hosilning ko‘p qismini o‘z omboriga to‘kdiradi, yo bo‘lmasa, ularda fermerning rasmiy hujjatida qayd etilmagan ortiqcha yerlari bo‘ladi. Shuni ham alohida ta'kidlash lozimki, bu iddaolarni rahbarlar, mutasaddi mulozimlar inkor etishi mumkin. Biroq ko‘pchilik “zarar ko‘rib ishlayotgan” fermerlar shunday fikrni bildirishmoqda. Bu faktlarni qanchalik haqiqatga yaqinligini tekshirib ko‘rish mas'uliyatli tashkilot va idoralar vakolatiga kiradi.

*- berilayotgan ammofosdan texnika xarajati vaji bilan 10 foizi tuman kimyo boshqarmasida olib qolinadi (ko‘rib chiqilgan holatda 240 kg ammofos kam beriladi)

**- berilayotgan selitradan texnika xarajati vaji bilan 10 foizi berilmaydi (ko‘rib chiqilayotgan holatda 400 kg selitra)

***- ZIL yuk mashinasiga 2 gektar yerdagi hosil yuklanadi va shu xizmat uchun 100 ming so‘m to‘lanadi

****-1 kg g‘alla hosili uchun 2017 yil 550 so‘mdan belgilangan. Biz ko‘rib chiqayotgan holatda bir gektardan 3300 kg g‘alla hosili topshirilgan.

Tolib Rahmatov

Mavzuga oid