Jamiyat | 14:00 / 20.10.2017
15631
3 daqiqa o‘qiladi

Nafsi bilan kurasha olmadi

Buxoro shahar Xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limi Davlat ta'lim standartlariga rioya etish monitoringini metodik ta'minlash kichik guruhi rahbari Shamsiya Nizomova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) nafsi bilan kurasha olmadi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Kabinetiga bir tanishining tavsiyasi bilan kelgan, o‘zini Halima Davlatova, deb tanishtirgan qizni iliqqina kutib oldi.

-  Xo‘sh, xizmat, singlim.

-  Men... ishga kirmoqchi edim.

-  Qayerni tugatgansiz?

-  Fizika-matematikani.

-  Demak, ma'lumotingiz oliy!

-  Ha.., universitetda o‘qiganman.

-  Bo‘pti. Men surishtirib ko‘raman. Ammo, bilasiz ishga kirish xarajatsiz bo‘lmaydi.

-  Bilaman, - ovozi zo‘rg‘a chiqqan Halima shu xonada o‘tirgan ikkinchi ayol – Safargul Karimovaning imo-ishorasiga hayron bo‘ldi. Ayol barmoqlarini bukib, uning uchun ko‘rsatdi. Halima shoshganidan kimga javob berishini bilmay qoldi.

-  300 AQSh dollari ko‘p. Mayli, yaqinlarimdan qarz olib, 200 dollar topishim mumkin.

-  Ishga kirganingizdan keyin repetitorlik guruhi ochib olasiz. Ishlab, keyin qolgan yuz dollarni ham berasiz, - dedi Shamsiya qat'iy qilib.

Oradan kunlab o‘tdi. Ish so‘ragan “mijoz”idan darak yo‘qligi haqida o‘ylab turganida, uning o‘zi qo‘ng‘iroq qildi.

-  Gulchehra degan yana bir tanishimga ish kerak edi.

-  Siz avval o‘zingizning ishingizni bitiring. U yog‘ini keyin ko‘ramiz. Aytgancha, siz 3-o‘rta umumta'lim maktabi direktoriga borib uchrashing, ishingiz tayyor. Keyin bir kelib ketarsiz.

H.Davlatovadan 200 AQSh dollarini qo‘liga olib, orzular og‘ushiga o‘zini otgan Shamsiya Nizomovani huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari “cho‘chitib” yuborishdi. Tamagirlik qilib, o‘z vakolatlari doirasiga kirmaydigan ishni bajarishni va'da qilgan ta'lim tizimi xodimi Sh.Nizomovaga sud hukmiga binoan tegishli jazo tayinlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid