Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Adolatdan umid. O‘g‘ilni kutayotgan baxtsiz ota hasrati
Kun.uz tahririyatiga har kuni yuzlab murojaatlar kelib tushadi. O‘quvchilar ayrim masalalarda o‘z munosabatini bildirib maktub yo‘llasa, yana boshqalari mavjud muammolardan batafsil so‘zlaydi. Ana shunday murojaatlardan birini o‘quvchilarga hech qanday tuzatishlarsiz havola etishga qaror qildik.
ILTIMOSNOMA
Men Ahmedov Sultonboy 27.09.1956 yilda Toshkent shahrida tug‘ilganman. Nafaqadaman. Muqaddam sudlanmaganman. 4 nafar farzandning otasiman.
1. Ahmedov Sobitxon - 1979 yilda tug‘ilgan;
2. Ahmedov Odiljon - 1981 yilda tug‘ilgan;
3. Ahmedov Qodirxon - 1986 yilda tug‘ilgan;
4. Ahmedov Komiljon - 1991 yilda tug‘ilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi tomonidan 2005 yil 12 avgust kuni Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan aybli deb topilgan Sh.K. Nishanov, U.M.Masudov va o‘g‘lim bo‘lmish O.S.Ahmedovning qilgan jinoyati bo‘yicha hukm o‘qildi. Sud hukmiga ko‘ra 1981 yilda tug‘ilgan, jinoyat ishining asosiy ayblanuvchilari, muqaddam 3 marotaba sudlangan Sh.K.Nishanov va 1977 yilda tug‘ilgan, muqaddam 2 marotaba sudlangan U.M.Masudov jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “i”, “p” bandlari, 164-modda 4-qismi a, v bandlariga asosan 19 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Mazkur jinoyat ishi voqeasida voqea sodir etilgan paytda ishtirokchi bo‘lib qolgan, aniqrog‘i jinoyat vositasi sifatida o‘g‘limning mashinasida sodir etilgani uchun aybli deb topilgan 1981 yilda tug‘ilgan Odiljon Ahmedov jinoyat kodeksining 28-97 moddasi 2-qismi “i”, “p” bandlari, 164-moddasi 4-qismi “a” “v” bandlari, 189-moddasi 3-qismi, 209-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Bu yerda o‘g‘lim Odil Ahmedovning aybi o‘rtoqlari tomonidan sodir etiladigan qotillik jinoyatini amalga oshirishlarini bilmagan holda, ularning chaqirig‘iga binoan do‘stlarining oldiga avtomashinasida borgani va tanishlari tomonidan keyinchalik uning mashinasida o‘g‘limning qarshiligiga qaramay bir insonning umriga zomin bo‘lgan tanishlarining kirdikorlarini huquqni muhofaza qilish organlariga vaqtida yetkazmaganida bo‘ldi. Jinoyat natijasida yetkazilgan 3 million so‘mlik zarar har uch sudlanuvchidan undirish hukmda ko‘rsatilgan bo‘lsada, jinoyat ishining ikki asosiy ishtirokchilari tomonidan qoplanmagach, o‘g‘limning o‘sha paytdagi narxi olti million so‘mlik avtomashinasi davlat egaligiga o‘tkazilgach, ana shu mashina hisobidan qoplandi.
Bu ham mayli. Biroq meni qiynayotgan narsa voqeaning asosiy ishtirokchilari bo‘lgan, muqaddam 3 marta sudlangan ikki sudlanuvchi Sh.K. Nishanov va U.M.Masudov 19 yilga ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lsada bugungi kunda ozodlikka chiqib, o‘z oilasi oldiga qaytdi. Biroq, o‘zi bilmagan holda jinoyatga aloqador bo‘lib qolgan o‘g‘lim, ikki nabiramning otasi, 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Odil Ahmedov hanuzgacha jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tab kelmoqda.
Hozirda o‘g‘lim Toshkent viloyati Olmaliq tumani Bo‘ston qishlog‘idagi UYa 64/38 sonli jazoni ijro etish muassasida jazo o‘tamoqda.
Ushbu hukm o‘qilgan paytda o‘g‘lim endigina 24 yoshga to‘lgan, birinchi farzandi tug‘ilganiga endigina yigirma kun bo‘lgandi. U tug‘ilganda esa o‘g‘lim hibsda bo‘lgan, aniqrog‘i tug‘ilgan farzandini ham ko‘rmagandi. Mana shu voqeaga ham 12 yildan ortdi. Ushbu o‘tgan vaqt davomida nabiram 8-sinfda o‘qimoqda. 12 yildan beri u otasiz ulg‘aymoqda.
Birinchi farzandim Ahmedov Sobitxon 2010 yilda bevaqt vafot etdi. O‘g‘limning onasi, mening turmush o‘rtog‘im esa bu voqealarga chiday olmay 2,5 yil oldin ya'ni 2014 yilning martida olamdan o‘tdi. Jazoni o‘tayotgan o‘g‘limga onasini so‘nggi manzilga kuzatish ham nasib qilmadi. Yoshim katta bo‘lib qolib, kunim uchinchi o‘g‘limga qoldi. To‘rtinchi o‘g‘lim hali yosh edi.
2017 yil iyul oyida 2 nafar farzandi bo‘lgan uchinchi o‘g‘lim Qodirxon Ahmedov ham baxtsiz hodisa tufayli vafot etdi. Uch o‘g‘limning bolalari ya'ni 8 nevara va 4 kelin mening zimmamda qolib ketdi. Bu aytishga osondir. Biroq, mening holatim faqat o‘zimga ayon. 2 nafar farzandi va jufti halolini qabrga qo‘yish, 1 nafari 12 yildan ortiq oilasi davrasida bo‘lmay jazo o‘tab qaytishini kutish naqadar og‘irligini boshidan o‘tkazgangina his qiladi.
Muqaddam 3 marta sudlangan ikki sudlanuvchi Sh.K. Nishanov va U.M.Masudov 19 yilga ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lsada ozodlikka chiqib, o‘z oilasiga qaytsa-yu, 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan o‘g‘lim Odil Ahmedov nega oilasi, farzandlari bag‘riga qaytmayotgani meni qiynaydi.
To‘g‘ri, o‘g‘lim jinoyatga sherik bo‘lib qoldi. Buni inkor etmayman. Nasib qilib ozodlikka chiqsa kelgusi yurish-turishini yo‘lga solib, qaytib yo‘ldan adashmasligini zimmamga olaman. Qolaversa, o‘zi ham ko‘rishgani borganimizda tavbasiga tayanganini aytib, boshqa bunday ishlarga aralashmaslikka va'da bermoqda.
Zero, 12 yil jazoni ijro etish muassasida umrini o‘tkazgan o‘g‘limning kelgusida ozodlikka chiqib, hayot kechirishini ko‘rish menga nasib qilishiga, oilasini saqlab qolishimga salomatligim yomonlashayotgani tufayli ko‘zim yetmay qolmoqda.
2017 yil 29 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev tashabbusi bilan Jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash bo‘yicha maxsus komissiya tuzilganini bilib xursand bo‘ldim. Negaki farmonda “Qonunni buzgan, biroq o‘z qilmishining huquqqa xilofligini anglagan va tuzalish yo‘liga o‘tganini qat'iyat bilan namoyon qilgan shaxslarga jamiyat va o‘z oilasi davrasiga qaytish imkonining berilishi, o‘zbek xalqining kechirimlilik, rahmdillik va bag‘rikenglik kabi azaliy qadriyatlarining ro‘yobga chiqarilishi hisoblanadi”, deb ko‘rsatib o‘tilibdi.
Yuqoridagilarni hisobga olib, o‘g‘lim O.Ahmedovni jazoni ijro etish muassasidan ozod etib, kelgusida tuzalish yo‘liga kirib, yurtiga sidqidildan xizmat qilib, nafi tegadigan inson bo‘lishi, qolaversa, keksayib qolganimda menga qarab turish uchun oilasi, farzandlari davrasiga qaytishiga qonuniy yordam berishingizni butun oila a'zolarimiz nomidan so‘raymiz. Agar qonun hujjatlarida jazoni boshqa muqobil jazo turi orqali oilasi davrasida o‘tash belgilansa ham rozimiz. Faqat farzandimiz o‘z uyiga qaytsa bo‘ldi.
Hurmat bilan,
O.Ahmedovning otasi, pensioner S.Ahmedov
PS: Xat ortidagi voqea tafsilotlarini ham surishtirmadik, o‘ylaymizki, tegishli idora vakillari otaxonning iltimosini o‘rganib chiqadi va buning natijasini ma'lum qiladi.
Mavzuga oid
10:31 / 06.02.2026
Venesuela parlamenti amnistiya to‘g‘risidagi qonunni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi
20:29 / 30.08.2024
Prezident mustaqillik bayrami arafasida 522 kishini afv etdi
16:05 / 03.08.2024
Sudlar “amnistiya” vositasiga aylantirib olgan modda. Nega jazoning muqarrarligi ta’minlanmayapti?
11:45 / 06.12.2023