O‘zbekiston | 08:49 / 24.10.2017
20361
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat boshqaruvi organlari rahbarlari uchun Namunaviy reglament tasdiqlandi

Foto:kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2017 yil 19 oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlari hay'atlarining faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni chiqardi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organi hay'atining Namunaviy reglamenti 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlari hay'atlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari, vazirliklar, idoralar va davlat boshqaruvi boshqa organlarining rahbarlari tegishli davlat boshqaruvi organlarining hay'atlarini ularning tarkibiy bo‘linmalaridan yangi a'zolar bilan to‘ldirish hisobga olingan holda, hay'atlar reglamenti va tarkibi bir oy muddatda tasdiqlanishini ta'minlaydilar.

Davlat boshqaruvi organlari rahbarlariga hay'atlar faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali o‘tkazilishi yuzasidan shaxsiy mas'uliyat yuklandi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari zimmasiga yuklandi.

Reglamentga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organining hay'ati doimiy faoliyat ko‘rsatadigan maslahat organi hisoblanadi.

Hay'atga quyidagi vazifalar yuklanadi:

davlat boshqaruvi organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;

tarkibiy va hududiy bo‘linmalar, idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarining tizimli asosda eshitib borilishini tashkil etish, qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirilishini ta'minlash yuzasidan davlat boshqaruvi organlari tizimi rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘rish;

davlat boshqaruvi organi faoliyatiga oid hududiy va tarmoq dasturlarini amalga oshirish samaradorligini har chorakda va tizimli ko‘rib chiqish;

hay'atning kengaytirilgan ko‘chma yig‘ilishlarini o‘tkazish, davlat boshqaruvi organi faoliyati sohasi dolzarb masalalarining joylarda muhokama etilishini ta'minlash;

davlat boshqaruvi organi markaziy apparati va uning tizimidagi lavozimlar nomenklaturasini ko‘rib chiqish hamda tasdiqlash;

davlat boshqaruvi organi nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirilishini ta'minlash uchun davlat boshqaruvi organi rahbarlari va xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash hamda shaxsiy javobgarligini oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga kiritiladigan va davlat boshqaruvi organi mas'ul ijro etuvchi organ hisoblangan qonun loyihalari bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish.

Hay'at O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organi vakolatiga kiradigan va kollegial muhokama etishni talab qiladigan har qanday masalani ko‘rib chiqish huquqiga ega.

Mavzuga oid