So‘rov: mamlakat sud tizimida hali qator kamchiliklar mavjud
«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi tomonidan «Sudlar va sud ishlarini yuritish to‘g‘risida jamoatchilik fikri» mavzusida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazildi. Unda mamlakatning barcha mintaqalaridagi 18 yosh va undan katta 1100 nafar kishi so‘raldi, ularning 49,2%i erkaklar va 50,8%i xotin-qizlar.
So‘rov natijalarining ko‘rsatishicha, o‘zbekistonliklar O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning sudlov sohasida zamonaviy talablar va xalqaro andazalarni hisobga olgan holda mamlakat sud tizimini takomillashtirish bo‘yicha tashabbuslarini ma'qullaydilar va qo‘llab-quvvatlaydilar. Fuqarolar beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan sud tizimini isloh qilish sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta'minlashi, fuqarolarning biror-bir moneliksiz odil sudlovdan foydalanishini ta'minlashi, inson huquqlari
va erkinliklarini ishonchli tarzda himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishi kerakligini anglaydilar.
So‘rov natijalariga muvofiq, mamlakatning mutlaq ko‘pchilik (81,5%) fuqarolari yashash mintaqasidan, yoshidan, ma'lumotidan, ijtimoiy va etnik kelib chiqishidan, faoliyat sohasidan qat'i nazar, sud tizimini isloh qilishni qo‘llab-quvvatlaydilar.
So‘rovning ko‘rsatishicha, fuqarolarning fikriga ko‘ra, mamlakat sud tizimida hali qator kamchiliklar mavjud: sudlarning o‘z faoliyatiga aralashuvdan mustaqilligi to‘la ta'minlanmagan, sudyalar o‘rtasida qonunga zid harakatlar sodir qilish, korrupsiya, insonlarning tashvishlariga befarqlik, adolat qonunlarini buzuvchi qarorlar qabul qilish holatlari uchrab turadi, ishlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslikka va sansolarlikka yo‘l qo‘yilmoqda. So‘rov ishtirokchilari shunga umid qiladilarki, sud organlari va sudyalar ishining qonun talablari va adolat qoidalariga muvofiq tashkil etilishi bu kamchiliklarni bartaraf etadi, mamlakatda Qonun ustuvorligini ta'minlaydi va aholining sud tizimiga ishonchi darajasini oshiradi.
Sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta'minlash va odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi qoidasini amalga oshirish sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvorliklaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Jamoatchilik fikri so‘rovi jarayonida o‘zbekistonliklarning sudlar va sudyalarning ular faoliyatlariga davlat va ijroiya hokimiyat organlarining ta'siri va aralashuvidan qanchalik mustaqilligi haqida tasavvurlari aniqlandi.
Respondentlar javoblarining monitoringi ijobiy javoblarning barqarorligini, shuningdek, sudyalar hali o‘z faoliyatiga uchinchi shaxslarning aralashuvidan to‘la darajada mustaqil emas, degan fikrga qo‘shiluvchi respondentlar sonining o‘sganligini aniqladi. Fuqarolarning qayd etishicha, mustaqil, beg‘araz sud korpusini shakllantirishga qaratilgan yanada ko‘proq amaliy choralar ko‘rish zarur. So‘rov o‘tkazish davrida sudning mustaqilligi ta'minlanmagan, deb hisoblovchi respondentlar soni o‘sgan.
Mintaqaviy kesimda so‘rovning ko‘rsatishicha, Qashqadaryo viloyati (52,9%) va Toshkent shahridagi (51,2%) aholining yarmidan ko‘pi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (42,9%), Andijon (44,2%), Namangan (42,2%) viloyatlaridagi so‘ralganlarning uchdan bir qismdan ko‘pi hali sudning mustaqilligi to‘la darajada ta'minlanmagan deb hisoblaydi. Xorazm (37,7%) va Jizzax (31,8%) viloyatlaridagi respondentlar bu fikrga kamroq darajada tayanadilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi so‘rov ishtirokchilarining tegishlicha 22,2% va 21,9%i sudlar va sudyalarning mustaqilligi ta'minlanmagan, deb javob berdi. Buxoro viloyatida so‘ralganlarning 14,3%i, Jizzax viloyatida 11,4%i va Toshkent shahrida 9,3%i ham ana shunday deb javob berdi.
Mintaqaviy kesimda so‘rov natijalari tahlilining ko‘rsatishicha, Navoiy, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlaridagi respondentlarning ko‘pchiligi sudlar ishini «to‘la darajada ochiq», deb baholaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida va Toshkent shahrida respondentlarning faqat tegishlicha 3,2%i va 8,1%i ana shunday javob berdi.
Jizzax viloyati va Toshkent shahridagi so‘rov ishtirokchilarining yarmidan ko‘pi sudlar ishini «to‘la darajada ochiq emas», deb hisoblaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida har uchinchi respondent sudlarning ishi kam darajada ochiq va shaffof, deb javob berdi. Toshkent viloyatida so‘ralganlarning 29,6%i, Namangan viloyatida 27,8%i va poytaxtdagi respondentlarning 26,7%i ana shu fikrga tayanadilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi so‘rov ishtirokchilarining 28,6%i va Qashqadaryo viloyatida so‘ralganlarning 23,1%i fuqarolik va jinoiy ishlar bo‘yicha sudlar faoliyatining to‘la yopiqligini qayd qilishdi.
Sudlar faoliyati to‘g‘risida axborot olishga fuqarolarning qaysi darajada qiziqishini aniqlash tadqiqotning vazifalaridan biri bo‘ldi. So‘rov natijalarining ko‘rsatishicha, fuqarolarning ko‘pchiligi u yoki bu darajada bu masala bilan qiziqishadi: so‘ralganlarning 27,5%ida sudlar ishiga qiziqishning yuqori darajasi, respondentlarning 52,3%ida o‘rtacha darajasi qayd qilindi. So‘rov ishtirokchilarining 20,2%i ushbu mavzuga umuman qiziqishlari yo‘qligini bildirishdi.
Yashash joyining turi kesimida ma'lumotlarning tahlili shaharliklarda qishloq aholisiga nisbatan ushbu masalaga qiziqishning yuqori darajasini aniqladi.
Tadqiqot natijalarining ko‘rsatishicha, sudlarning ishi haqidagi axborot u yoki bu darajada barcha yosh guruhlari vakillarini, ayollarga nisbatan erkaklarni biroz ko‘proq qiziqtiradi.
So‘rov jarayonida respondentlar ommaviy axborot vositalari tumandan boshlab Oliy sudgacha barcha darajadagi sudlar va sudyalarning faoliyati to‘g‘risida qanday xabardor qilishi kerakligi, bunday ma'lumot qay darajada batafsil bo‘lishi lozimligi yuzasidan o‘z nuqtai nazarlarini bildirdilar. So‘rovning har ikkinchi ishtirokchisi (52,2%) OAVlar sudlarning faoliyati to‘g‘risida tezkor va batafsil ma'lumotni berishi kerak, degan fikrni bildirdi; har uchinchi (35,1%) respondent mazkur mavzu bo‘yicha faqat ijtimoiy aks-sadoga ega bo‘lgan alohida muhim sud jarayonlari yuzasidan ma'lumot berilishi kerak, deb hisoblaydi. Salkam 3% respondentlar bunday axborot ommaviy axborot vositalarida taqdim etilmasligi kerak, deb hisoblaydi.
Tadqiq qilingan davrda OAVlari sudlarning ishi to‘g‘risida batafsil va tezkor axborot berishi kerak, deb javob bergan respondentlar soni biroz qisqardi. OAVlari faqat katta ijtimoiy aks-sadoga ega bo‘lgan muhim sud jarayonlarini yoritishi kerak, degan fikrga tayanuvchi fuqarolar soni ko‘payib bormoqda.
So‘rov jarayonida fuqarolar mamlakat ommaviy axborot vositalari sudlar va sudyalar ishini qanchalik muntazam va batafsil yoritayotgani haqida fikr bildirdilar. So‘ralganlarning 25,5%i ushbu mavzudagi axborot doimo va batafsil beriladi, degan fikrni bildirdi, respondentlarning qolgan qismi OAVlari aholini sudlarning ishi to‘g‘risida «doimo va muntazam xabardor qilmaydi» (48,7%) yoki «qisqa, umumiy xabarlar beradi» (18,6%) deb javob berdi. Ushbu ko‘rsatkich tadqiq qilingan davrda birmuncha o‘sdi. 7,1% so‘ralganlarning fikricha, ommaviy axborot vositalarida bunday axborot berilmaydi.
Mintaqaviy kesimda sudga ishonchning eng yuqori darajasi Jizzax, Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm va Navoiy viloyatlarida qayd qilindi, ularda sudyalarning beg‘arazligiga ishonishini bildirgan respondentlar soni mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Buxoro, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida va Toshkent shahrida so‘ralganlarning salkam yarmi sudya qaror chiqarishda istisnosiz Qonunga amal qilishiga «ishonaman, ammo qat'iy emas», deb javob berdi.
Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida tegishlicha so‘ralganlarning 14,9%i va10,6%i bunga «katta qiyinchilik bilan» ishonadi.
So‘rov Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatidagi aholining katta qismi o‘rtasida sudga ishonchning past darajasini aniqladi, ularda so‘ralganlarning tegishlicha 11,1%i va 9,6%i sudya qaror chiqarishda istisnosiz faqat Qonunga va uning har bir moddasiga amal qilishiga ishonmasliklarini bildirdi.
So‘rovda aniqlanishicha, qishloq aholisi o‘rtasida sud hokimiyatiga ishonch shahar aholisiga nisbatan yuqoridir.
So‘rov ishtirokchilari sudya tomonidan sudlov qarorini qabul qilish jarayonida unga nima ko‘proq ta'sir qilishi mumkinligi haqida fikr bildirdilar. Ko‘pchilik (66,3%) so‘ralganlarning fikricha, qaror qabul qilish jarayonida sudya Qonunning ustuvorligi qoidasini ro‘yobga chiqarishga harakat qiladi hamda hech qanday tashqi holatlar, hech kim va hech narsa hukm chiqarishda unga ta'sir qilishi mumkin emas.
So‘rovning har o‘ninchi ishtirokchisi sudya sudlov qarorini qabul qilishda ushbu qaror keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni va jamoatchilik o‘rtasidagi aks-sadoni hisobga oladi va ushbu omil hukm chiqarishga ta'sir qiladi, deb hisoblaydi.
5,7% so‘ralganlarning fikricha, sudya o‘zining keyingi xizmatda o‘sishi uchun o‘zi qabul qiladigan qarorining oqibatlarini inobatga olgan holda hukm chiqaradi.
5,4% respondentlar sudyaning ko‘proq moddiy foyda olish ta'siri ostida sudlov qarorini qabul qilish ehtimolini istisno qilmaydi.
Barcha mintaqalarda respondentlarning ko‘pchiligi o‘zlarining huquqlarini sudda himoya qilishga tayyorliklarini bildirdilar. Ushbu ko‘rsatkich Jizzax, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida eng yuqori nuqtaga yetdi va 90%dan oshdi.
So‘rov jarayonida shahar joylaridagi respondentlar qishloq joylari aholisiga nisbatan ko‘proq hollarda o‘z huquqlari buzilganda sudga murojaat qilishlarini bildirdilar.
So‘rovda ayrim fuqarolarning o‘z huquqlari buzilgan hollarda sudga murojaat qilish niyatida emasliklari sabablari aniqlandi:
• muammoni boshqa yo‘l bilan hal qilish niyati;
• advokatning ishi va sud xarajatlarini to‘lash imkoniyatining yo‘qligi;
• sansolarlik, byurokratik to‘siqlar;
• sud tizimiga ishonchsizlik.
Mavzuga oid
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024
“Xalqimizning soddaligi sabab bo‘lmoqda”- Toshkent shahar sudi raisi Panorama Airways ishiga to‘xtaldi
14:10 / 31.10.2024
Sudgacha sanatsiya qilish jarayonida davlat tomonidan yordam ko‘rsatiladi
18:06 / 17.10.2024