Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xususiylashtirish uchun arizani tanlov komissiyasi ko‘rib chiqadi
Vazirlar Mahkamasining 16.10.2017 yildagi 837-son qarori bilan Davlat mulki obektlarini xususiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Norma.uz ularning eng ahamiyatlilari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Arizalar – tanlov komissiyasiga
Xususiylashtirish jarayonlarida o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xususan, hududiy tanlov komissiyalari tuzilmoqda. Ular tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va poytaxtimiz hokimlari tomonidan boshqariladi.
Eslatib o‘tamiz, bu yilda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga nostrategik davlat obektlari, xususan, davlat ko‘chmas mulk obektlarini “nul” qiymat bo‘yicha investitsion majburiyatlarni olgan holda sotish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqi taqdim etildi.
Shuningdek, Davlat raqobat qo‘mitasi (tanlov komissiyasining rais o‘rinbosari tariqasida), Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, DSQ, Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasi, Ekologiya davlat qo‘mitasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, SSP va Sog‘liqni saqlash vazirligining Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazining hududiy organlari rahbarlari ham ular tarkibiga kiradi.
Ko‘rsatilgan hududiy komissiyalar quyidagicha arizalar (takliflar)ni ko‘rib chiqadi:
• davlat korxonalari va muassasalarini xo‘jalik jamiyatlari etib qayta tashkil etish;
• davlat aksiyalarini sotish;
• mas'uliyati cheklangan jamiyatlar ustav jamg‘armalarida (ustav kapitallarida) davlat hissasini sotish;
• davlat ko‘chmas mulk obektini sotish;
• davlat ko‘chmas mulk obektlarini “nul” qiymat bo‘yicha investitsion va ijtimoiy majburiyatlarni olgan holda sotish.
Ijarachi davlat mulkini qanday oladi
Xususiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin, ammo davlat ko‘chmas mulk obektining boshlang‘ich bahosini aniqlab olgandan keyin sotuvchi mazkur obektni bir yildan kam bo‘lmagan muddat davomida ijaraga olayotgan ijarachini yozma ravishda (tilxat olib yoki pochta orqali topshirilgani ma'lum qilinadigan buyurtma xatini yuborish yo‘li bilan) bundan xabardor qiladi.
Agar ijarachi sotib olishga rozi bo‘lsa, u bilan oldi-sotdi shartnomasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuziladi. Shu bilan birga u quyidagilarni topshirishi kerak:
• Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tegishli xizmatlarining asosiy fondlarni modernizatsiyalash va kapital ta'mirlash amalga oshirilganligi to‘g‘risidagi ekspertizalari natijasi;
• Mehnat bo‘yicha organning ko‘chmas mulkni ijaraga olish mobaynida yangi yaratilgan ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma'lumotnomasi.
Obekt baholash tashkilotning hisoboti hamda mazkur hisobotning to‘g‘riligi haqidagi ekspert xulosasiga ko‘ra aniqlangan narxda sotiladi. Agar sotib olish istagida bo‘lgan ijarachilar ko‘pchilikni tashkil etsa, ular orasida yopiq auksion yoki tanlov o‘tkaziladi.
Ijarachi sotib olishni rad etgan taqdirda yoki xabardor qilingandan keyingi 10 kun mobaynida javob kelib tushmagan holatda obekt umumiy tartibda o‘tkaziladigan savdolarda sotiladi. Ushbu holatda Davlat raqobat qo‘mitasi yoki uning hududiy organi ko‘chmas mulkning sotuvga qo‘yilishi haqida buyruq chiqaradi. Unda boshlang‘ich narx, sotish shartlari va savdo turi ko‘rsatiladi.
Muddati o‘tib ketgan investitsiyalar xaridordan undiriladi
Davlat mulki obektlarini nodavlat yuridik shaxslar va jismoniy shaxslarga xususiylashtirish tartibida investitsiyaviy va (yoki) ijtimoiy majburiyatlar qabul qilinishi sharti bilan «nul» xarid qiymati bo‘yicha sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom xaridorning mas'uliyati to‘g‘risidagi normalar bilan to‘ldirildi.
Investitsiyaviy majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmagan xaridor oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilgan miqdorda penya to‘lashga majbur bo‘ladi. Penya investitsion majburiyatlarning bajarilmagan qismi summasidan muddati o‘tkazilgan har bir kun uchun hisoblanadi.
Agar oldi-sotdi shartnomasi xaridor aybi bilan butunlay bekor qilingan bo‘lsa, undan o‘z majburiyatlarini bajarmaganlik uchun investitsion majburiyatlar summasining 15% miqdorida jarima undiriladi.
Ma'lumot uchun: ko‘rsatilgan tuzatishlar 19.01.2018 yildan kuchga kiradi.
Bundan tashqari, obektni «nul» xarid qiymati bo‘yicha sotish to‘g‘risidagi shartnoma bekor qilinganda kiritilgan investitsiyalar qaytarilmaydi va hech qanday ko‘rinishda kompensatsiya qilinmaydi.
Mavzuga oid
12:35 / 04.06.2026
Mobiuz aloqa operatori 351 mln dollarga sotildi
17:27 / 02.06.2026
Farg‘onadagi Uzsungwoo korxonasining 50 foizlik davlat ulushi 585,8 mlrd so‘mga sotildi
11:37 / 28.05.2026
“UzChasys” zavodidagi 70 foizlik davlat ulushi qariyb 333 mlrd so‘mga sotildi
20:45 / 15.05.2026