Jamiyat | 17:30 / 25.10.2017
16694
2 daqiqa o‘qiladi

MXX 3 ming dollarni olgan firibgarni ushladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga kirish jarayonida oshkoralik va shaffoflikni ta'minlash uchun bir qator chora-tadbirlar muntazam ravishda amalga oshirilmoqda. Biroq, ma'lum bir mablag‘ evaziga OTMga o‘qishga kirishda ko‘mak ko‘rsatishni va'da qilib, ishonuvchan fuqarolar hisobidan pul orttirib olish ilinjida bo‘lganlar hali ham uchrab turibdi.

Firibgarlar farzandlari uchun har narsaga tayyor bo‘lgan ota-onalarni go‘yoki yuqori doiralarda alohida aloqalarga ega ekanliklari hamda o‘qishga kirishda yordam ko‘rsatishlari mumkinligiga ishontirishmoqda. Aldovga uchragan navbatdagi fuqarodan kerakli pulni olgach, ular shunchaki izsiz g‘oyib bo‘lishadi.

Kuni kecha Milliy xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakillari bilan birgalikda mintaqaviy OTMlardan biriga qabul qilinish uchun pul talab qilgan shaxsni ashyoviy dalil bilan qo‘lga oldilar.

MXX idoralariga Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, Akmal ismli shaxs o‘g‘lining Farg‘ona davlat universiteti biologiya fakultetiga qabul qilinishiga yordam berishi uchun 6 ming AQSh dollari talab qilayotganini xabar bergan.

"Ushbu ariza asosida tezkor guruh tuzildi, u Marg‘ilon shahridagi “Humo” tantalar uyi yaqinida arizachi tomonidan ko‘rsatilgan pulning bir qismi – 3 ming AQSh dollarining berilishi vaqtida erkakni qo‘lga oldi. Dastlabki tergov davomida aniqlanishicha, qo‘lga olingan shaxs Dang‘ara tumanida yashovchi 31 yoshli Akmal Rasulovdir", - deya xabar berdi kuch mahkamasi vakili.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament ushbu holat bo‘yicha A.Rasulovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov davom etmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid