O‘zbekiston | 20:50 / 25.10.2017
7636
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya iste'molchilar tashkiloti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi delegatsiyasi Turkiya Iste'molchilar huquqlari assotsiatsiyasi taklifiga binoan ushbu mamlakatda bo‘ldi. 

O‘zA xabariga ko‘ra, tashrif doirasida O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va Turkiya Iste'molchilar huquqlari assotsiatsiyasi vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda iste'molchilar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida ma'lumot taqdim etildi, o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. 

Tadbirda Turkiya Iste'molchilar huquqlari assotsiatsiyasi rahbari T.Chakar assotsiatsiya faoliyati haqida so‘zlab berdi. O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotgani, 2014 yilda qabul qilingan “Ijtimoiy hamkorlik to‘g‘risida”gi qonun davlat idoralari bilan nodavlat tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni tartibga soluvchi huquqiy baza bo‘lib xizmat qilayotganini ta'kidladi. 

Muzokara yakunida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Mazkur hujjatda qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirish, tajriba almashish maqsadida ekspertlar va delegatsiyalar almashish, qo‘shma ishchi guruhi, muvofiqlashtirish va maslahat kengashlari tuzish, simpozium va seminarlar o‘tkazish va boshqa masalalar ko‘zda tutilgan. 

O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari, shuningdek, Turkiya Iste'molchilar huquqlari assotsiatsiyasining Anqara va Istanbul shaharlaridagi bo‘linmalari faoliyati bilan tanishdi. 

Mavzuga oid