Jahon | 00:27 / 27.10.2017
11458
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston ko‘mir narxini tartibga solmoqchi

Foto: Sputnik / Aleksandr Kryajyev

Qirg‘iziston iqtisodiyot vazirligi ko‘mir narxlarini qo‘shimcha tartibga solishni taklif qilmoqda. Qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Hujjatda aytilishicha, ayni vaqtda iste'molchilarni arzon narxlardagi ko‘mir bilan ta'minlash masalasi ko‘ndalang turibdi. Davlat antimonopol organi ko‘mir qazib oluvchi korxonalarga yonilg‘i uchun ulgurji narxlar belgilaganiga qaramay, oxir-oqibat u iste'molchilarga vositachilar orqali yetib boradi.

Monitoring natijalari bir oy ichida ko‘mir narxlari 20 foizga oshganini ko‘rsatgan. Respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘mir tonnasi 4 ming 325 som turadi.

Ko‘mir narxi oshishiga asosiy sabab Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasidagi muammolar va Qozog‘iston hukumatining Qirg‘izistonga ko‘mir eksport qilishga taqiqlovi bo‘lmoqda.

Qirg‘iziston hukumati iste'mochilar huquqlarini himoya qilish va raqobatni rivojlantirish maqsadida 90 kundan oshmagan muddatga ijtimoiy ahamiyatdagi mahsulotlar chakana narxini tartibga solish huquqiga ega.

Ta'kidlanishicha, mutaxassislar bir tonna ko‘mirning yakuniy narxini aniqlash uchun viloyatlardagi narxlarni tahlil qilishlari kerak. 

Shuningdek, Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasida avtotashuvchilarga ovqatlanishni tashkillashtirish uchun 1 mln som ajratdi. Bu haqda Atamboyev apparati axborot siyosati bo‘limi ma'lum qildi.  

Bo‘lim ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu qaror Qirg‘izistonning nazorat-o‘tkazish punktlaridagi vaziyat va sovuq tushishi bilan bog‘liq holda qabul qilingan. Atamboyev pullar prezidentning ijtimoiy muhofaza va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomondan ajratilgani haqidagi farmoyishni imzolagan.

Mavzuga oid