Jahon | 09:07 / 30.10.2017
11564
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh strategik yadro kuchlarining o‘quv mashg‘ulotlarini boshlamoqda

Foto: AP

Amerika Qo‘shma Shtatlari 30 oktabr kuni strategik yadro kuchlarining "Global chaqmoq" (Global Thunder) deb nomlangan mashg‘ulotlarini boshlaydi. Unda global zarba berish va raketa hujumlariga qarshi vositalar sinovdan o‘tkaziladi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti. AQSh Strategik qo‘mondonligi rasmiy vakili (STRATCOM) Brayan Maguirning agentlikka ma'lum qilishicha, Amerika bu haqda ikki tomonlama kelishuv shartlariga muvofiq, Rossiyani avvalroq xabardor etgan. 

"SHQ-3 shartnomasiga ko‘ra, AQSh va Rossiya yirik yadroviy mashg‘ulotlar haqida bir-birini ogoh etishlari shart. Shu boisdan ham Rossiya bu mashg‘ulotlardan avvaldan xabardor qilingan", — degan Maguir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, masalan, yadro quroliga ega bo‘lgan Xitoyga mashg‘ulotlar o‘tkazilishi yuzasidan axborot berilmagan. Chunki Vashingtonning Pekin bilan bunday kelishuvi yo‘q. 

STRATCOM rasmiy vakilining aytishicha, Global Thunder o‘quv mashg‘ulotlari har yili o‘tkaziladi.

Uning ma'lum qilishicha, mamlakatga nisbatan turli strategik tahdidlarga qarshi javob berish va STRATCOM jangovar tayyorgarligini ko‘zdan kechirish asosiy maqsaddir. Harbiy o‘quv mashg‘ulotlari chog‘ida kosmik kuchlar imkoniyatlari, kuzatuv va razvedka tizimlari, global zarba berish tizimlari va raketalarga qarshi mudofaa vositalari hamda kiberimkoniyatlar ko‘zdan kechiriladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Rossiyada ham strategik yadro kuchlarining kompleks mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Unda Strategik ahamiyatdagi raketa qo‘shinlari, Shimoliy va Tinch okeani flotlari atom suv osti kemalari hamda Rossiya HHK uzoq aviatsiyasining o‘zaro harakatlari muvofiqligi tekshirildi.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid