Jahon | 12:39 / 31.10.2017
6150
2 daqiqa o‘qiladi

Argentinaning eng yirik aviakompaniyasi barcha reyslarini bekor qildi

Foto: DyN

Argentinaning Aerolineas Argentinas davlat aviakompaniyasi va uning bo‘linmasi hisoblangan Austral Lineas Aereas kompaniyasi seshanba kuniga rejalashtirilgan barcha ichki va xalqaro reyslarini uchuvchilarning 24 soatlik ish tashlashi tufayli bekor qildi. Mamlakatdagi eng yirik aviatashuvchi prezidenti Mario Del'Akkuaning dushanba kuni xabar berishicha, ish tashlash "30 ming yo‘lovchini qamrab oladi".

"Afsuski, Aerolineas Argentinas uchuvchilari shunday qarorga kelishdiki, ulardan birontasi ham ertaga parvoz qilmaydi. Natijada biz bugungi 45 ta reysni bekor qilishga majbur bo‘ldik, samolyotlar o‘z bazalariga qaytib keladi", - deya aytib o‘tdi u Todo Noticias telekanali efirida.

Del'Akkuaning ta'kidlashicha, bu 1986 yildan beri yuz bergan hamda kompaniya barcha xalqaro reyslarini bekor qilishga majbur bo‘lgan birinchi shunday ish tashlashdir. "Ba'zi yo‘lovchilar Argentinaga qaytib kelishlari uchun imkoniyat paydo bo‘lishini bir hafta davomida kutishadi", - deya ta'kidlab o‘tdi prezident.

"Xarajatlar juda katta. Millionlab dollarlardan tashqari, biz ishonchni ham yo‘qotamiz", - degan Del'Akkua.

Aerolineas Argentinas uchuvchilar kasaba uyushmasi kompaniya rahbariyatidan ish haqi oshirilishini talab qilmoqda. Kompaniya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, uchuvchilar ayni damda bir oyda o‘rtacha 250 ming peso (14 ming dollar) olishadi. 

Mavzuga oid