Jamiyat | 12:01 / 31.10.2017
13026
4 daqiqa o‘qiladi

Quruq va'da tosh bosmaydi

Har qanday faoliyatda oshkoralik va shaffoflik demokratiya tamoyillariga so‘zsiz amal qilinishining bir ko‘rinishi aslida. “Harakatlar strategiyasi”da belgilab berilgan vazifalar xalq ta'limi tizimini faoliyatini, kerak bo‘lsa, strukturasini tubdan o‘zgartishni taqozo etmoqda.

“Huquq” gazetasining yozishicha, Buxoro viloyat prokuraturasi tomonidan 2017-2018 o‘quv yilida o‘quvchilarning ta'lim-tarbiya olishida qulay va zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo‘lgan maktab binolari qurilishiga oid ishlar, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ahvoli tegishli soha mutaxassislari jalb qilingan holda o‘rganildi. Viloyatdagi mavjud 966 ta umumta'lim maktablarining 696 tasi zamonaviy, 270 tasi esa moslashtirilgan binolarga joylashtirilgan. Ushbu binolarning 45 tasida qurilish-ta'mirlash ishlari, xususan 32 tasida qayta qurish, 13 tasida mukammal ta'mirlash ishlari rejalashtirilib, davlat tomonidan 49,6 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Maqsad har bir bola tengqurlari qatori shinam, keng va yorug‘ xonalarda tahsil olib, bilimini oshirsin. Kelajakda yurt koriga kamarbasta bo‘lishni, vatanni sevishni, mustaqillik bergan imkoniyatlarni qadrlashni maktab partasidayoq o‘rgansin.

Ayni yo‘nalishda mamlakat ijtimoiy soha obektlarida qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlashni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Biroq qonun va qarorlar mohiyatini chuqur anglab yetmagan, hali ham “mudrab yotgan” mutasaddilar uchrab turibdi. Masalan, Buxoro shahridagi, Kogon, Jondor, Peshko‘, Shofirkon, Vobkent tumanlaridagi ayrim maktablarda buyurtmachi va pudrat tashkilotlari o‘rtasida shartnomalar tuzilishiga qaramasdan, joriy yilning 1 avgust holatida 5 mlrd. 725 mln. so‘mlik, ya'ni 50 foiz qurilish-montaj ishlari bajarilgan, xolos.

Buxoro shahridagi 40-o‘rta umumta'lim maktabida 270 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilishi shartnomaga asosan joriy yil 1 avgustda topshirilishi kerak edi. Afsuski, shartnoma shartlarini unutgan, davr talabini anglamagan “Montaj” xususiy korxonasi obektga bor-yo‘g‘i 36 nafar ishchi-xodimni jalb etib, ishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan. Viloyat prokuraturasi tomonidan ushbu qurilish obektiga qo‘shimcha 200 nafar ishchi jalb etilib, yangi o‘quv binosi belgilangan vaqtda foydalanishga topshirilishi qat'iy nazoratga olindi.

Shuningdek, “Nurli istiqbol yo‘li”, “G‘ijduvon Govshun Qurilish”, “Dilshod qurilish trans”, “Olmos To‘ra” MChJlar kabi bir qator pudratchi tashkilotlar faoliyati, belgilangan obektlarda olib borilayotgan ishlarni tezlashtirish ustidan prokuror nazorati kuchaytirildi.

Sohada ishlarni jadallashtirish, tegishli soha mutaxassislariga aniq vazifalar yuklash hamda faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida viloyat hokimiga axborotnoma kiritilgan.

Bundan tashqari, viloyat prokuraturasi tomonidan yuqorida qayd qilingan ta'lim muassasalarida qurilish-montaj ishlarini olib borayotgan tashkilot rahbarlariga shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlar mohiyati tushuntirilgan. Binobarin, o‘z vaqtida bajarilmagan har qanday ish ortida boshqa bir muammo paydo bo‘lmaydi, deb kim kafolat bera oladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid