Jahon | 18:20 / 01.11.2017
19436
2 daqiqa o‘qiladi

Navalniy Putinni sudga bermoqchi

Foto: TASS

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning ma'lum qilishicha, Vladimir Putin hamda uning ma'muriyatini sudga berish bo‘yicha rejalarga ega. Navalniyning so‘zlariga ko‘ra, bunga Rossiya shaharlari ma'muriyatlarining unga saylovchilar bilan uchrashishga ruxsat bermasligi sabab bo‘ladi.

Navalniy prezident Putin hamda uning ma'muriyatini sudga berish rejalari borligi haqida o‘z saytida ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «saylovchilar bilan muvofiqlashtirilgan mitinglar shaklida uchrashuv o‘tkazish imkonsiz», sababi Rossiya shaharlaridagi ma'muriyatlar muxolifatchi va uning tarafdorlariga tegishli ruxsatnomalar berayotgani yo‘q.

Navalniy sudda «butun mamlakat bo‘ylab shaharlar ma'muriyatlari Moskvaning ko‘rsatmalari asosida bir xilda harakat qilayotganiga oid isbotlarni taqdim etmoqchi».

Muxolifatchining ma'lum qilishicha, uning shtabi tadbirlarning boshqa shakliga o‘tmoqda. Uchrashuvlar «xususiy joyda» o‘tkaziladi. Navalniy o‘z tarafdorlariga saylovchilar bilan uchrashishi uchun «mingdan ortiq insonni sig‘dirishi mumkin bo‘lgan istalgan joyni» taqdim etish taklifi bilan chiqishga chaqirdi.

Mavzuga oid