Jahon | 12:30 / 01.11.2017
4686
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev Ostonada Iordaniya qiroliga mukofot topshirdi

Foto: dailynews.kz

Oqo‘rdada Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev va Iordaniya qiroli Abdulloh II o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Tengrinews.kz.

"Men mustaqil Qozog‘istonning birinchi farmonlaridan biri bilan dunyodagi eng yirik Semipalatinsk sinov maydonchasini yopdim hamda biz yadro qurolidan voz kechdik. Bu kun, 29 avgust, BMT tomonidan yadro quroliga qarshi harakat kuni sifatida nishonlanadi. Davlatimiz rolini e'tiborga olgan holda, men yadro quroliga qarshi kurashda o‘zini ko‘rsatgan insonlarga atab maxsus mukofotni ta'sis etdim. Qozog‘iston birinchi sonli mukofotni sizga berishga qaror qildi hamda men tegishli farmonni imzoladim. Bu sizning xizmatlaringizning tan olinishi va siz Suriya, Iroqdagi urush sharoitida, butun mintaqada xalqlarni yaqinlashtiruvchi tinchlikparvar o‘rnini egallashingizga bo‘lgan umiddir", - deya Iordaniya qiroliga murojaat qildi Nazarboyev.

Prezident Iordaniyaning Ostona jarayonidagi faol ishtirokini ham ta'kidlab o‘tgan. 

“Biz bir-birimizni barcha tashkilotlarda qo‘llab-quvvatlamoqdamiz. Iordaniya Qog‘oziston tashabbuslarini jahon darajasida quvvatlaydi. Bizning iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, mudofaa sanoatidagi o‘zaro munosabatlarimiz yaxshilanib bormoqda. Biz mintaqangizda sizning davlatingiz hamda shaxsan sizning o‘rningiz alohida ekanini ta'kidlaymiz", - degan Nazarboyev Abdulloh II’ga.

O‘z navbatida, Iordaniya qiroli Abdulloh II qozog‘istonliklar va prezident Nursulton Nazarboyevga mehmondo‘stlik uchun minnatdorchilik bildirdi hamda “do‘stlar va birodarlar orasida” ekanidan xursandligini qayd etdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid