O‘zbekiston | 18:40 / 06.11.2017
19357
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda davlat notarial idoralari nodavlat muassasalarga aylantiriladi

Foto: Fotolia

O‘zbekistonda byudjyetdan tashqari nodavlat notariusning o‘zini-o‘zi moliyalashga asoslangan faol modeliga bosqichma-bosqich o‘tish rejalashtirilmoqda. 2018 yil 1 yanvardan davlat notarial idoralarini nodavlat muassasalariga aylantirish boshlanadi. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va muhokama uchun qo‘yilgan prezident farmoni loyihasida aytiladi.

Mamlakatda notarius institutini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari orasida notarius faoliyatini litsenziyalashning samarali, oshkora tizimini shakllantirish va notariuslarni davriy attestatsiyadan o‘tkazish tartibini joriy etish bor. Bu notariuslarni halol va malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish hamda yuqori darajada xizmatlar ko‘rsatishni ta'minlashga qaratilgan.

O‘zbekiston Notarial palatasini ta'sis etish ko‘zda tutilgan, u barcha notariuslarning majburiy a'zoligiga asoslanadi. Nodavlat palata notariuslarning faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularning huquq hamda manfaatlarini, shu jumladan davlat organlari va boshqaruvi bilan munosabatlarda, shuningdek, sudda himoya qiladi.

Notariuslarning notarial xizmatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatish bo‘yicha manfaatdorligini ta'minlaydigan, notarial idoralarni moliyalashtirish uchun adolatli shart-sharoitlar, shuningdek, notariuslarning o‘z-o‘zini ta'minlashi uchun sharoitlar yaratish rejalashtirilgan.

Farmon loyihasida 2018 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida ko‘chmas mulk bilan tuzilgan bitimlarni notarial tasdiqlashda elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiqlik ta'minoti, suv ta'minoti xizmatlari bo‘yicha qarzdorlik yo‘qligi haqida qog‘oz ko‘rinishida berilgan ma'lumotnoma taqdim etish talabini bekor qilish taklif qilinmoqda. Zarur ma'lumotlar almashinuvi faqat idoralararo elektron aloqadan foydalangan holda yoki kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzlarni qoplash uchun sotib oluvchi tomonning yozma roziligini olish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid