O‘zbekiston | 09:20 / 09.11.2017
13196
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qizamiq va qizilchadan xoli mamlakat deb tan olindi

Foto: YUNISEF

O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan qizamiq va qizilcha kasalliklarini bartaraf etgan mamlakat sifatida tan olindi. Bu haqda YUNISEF'ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar bermoqda.

JSSTning qizamiq va qizilcha bartaraf etilganini tasdiqlovchi Yevropa mintaqaviy komissiyasining ta'kidlashicha, bu holat butun Yevropa mintaqasida qizamiq va qizilcha kasalligini bartaraf etish maqsadiga erishishga sezilarli darajada hissa qo‘shadi.

2007 yilda O‘zbekiston Milliy emlash taqvimiga qizamiq, tepki va qizilcha (QTQ)ga qarshi vaksinani kiritdi. 12 oyligida va 6 yoshiga bolani QTQga qarshi emlash ushbu kasalliklarga nisbatan umrbod immunitetni shakllantiradi.

Foto: YUNISEF

Mamlakat bo‘yicha QTQga qarshi emlash ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lib, bunda qamrov birinchi emlashda 99.5%ni va qayta emlashda 99.7%ni tashkil etadi (2016).

Yuqumli kasalliklar bolalar salomatligiga tahdid soladigan asosiy xavflardan biri hisoblanadi. Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligi oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklarga qarshi emlash, ularning oldini olish va tugatishga qaratilgan Milliy emlash dasturini amalga oshirish bo‘yicha qator choralar ko‘rmoqda.

«Keyingi paytlarda milliy emlash dasturi yangi-yangi zamonaviy vaksinalar bilan boyitib borilmoqda. Shu bilan birga, joriy yilda yuqumli kasalliklarga qarshi emlash uchun sarflanadigan mablag‘lar to‘liq davlat byudjyeti hisobidan qoplandi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, 2017 yil uchun 42,3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Emlash darajasi 99,5 foizni tashkil etdi. 2018 yildan jahonda birinchilardan  bo‘lib o‘smir qizlarni papilloma virusiga qarshi emlash bilan to‘liq qamrab olish yo‘lga qo‘yiladi. Bu ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarning oldini olish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi», - deya xabar berdi KUN.UZ'ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.  

«14 yoshgacha bo‘lgan bolalar O‘zbekiston aholisining 27 foizini tashkil qiladi. Emlash biz tomondan kelajak avlodlar uchun sog‘liqni saqlash sohasida qila oladigan eng muvaffaqiyatli va moliyaviy tomondan samarali sarmoyalardan biridir, - deydi YUNISEF'ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. - Milliy emlash taqvimi bo‘yicha umumiy qamrovini ta'minlash uchun Hukumat, xalqaro hamkorlar va mahalliy jamoalar bilan birgalikda ishlashni davom ettiramiz».

Foto: YUNISEF

YUNISEF O‘zbekiston hukumatiga yangi vaksinalarni kiritish va sotib olish, ularning sifatli saqlanishi uchun sovuq zanjir tizimini yanada yaxshilash, vaksinalarni xarid qilishda mustaqil moliyalashtirishga erishish va emlashga bo‘lgan talabni doimiy ravishda oshirishda ko‘mak berib kelmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid