Jahon | 17:30 / 13.11.2017
7289
8 daqiqa o‘qiladi

«Yangi qo‘shimchalar». Putin va Erdo‘g‘an Sochida uchrashuvda nimalarni muhokama qiladi?

RF prezidenti Vladimir Putin 13 noyabr kuni Sochida turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan terrorizmga qarshi kurash hamda Suriyadagi vaziyatni muhokama qiladi.

Kreml ma'lumotiga ko‘ra, ikki siyosatchi uchrashuvida hududiy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va energetika sohasida hamkorlik qilish xususida gaplashishadi.

Suriyadagi vaziyat

Oktyabr oyi oxirida Putin va Erdo‘g‘an telefon orqali muloqot qildi. Prezidentlar ikki tomonlama hamkorlikning turli jihatlarini, jumladan, yirik energetik qo‘shma loyihalarni ishga tushirish imkoniyatlarini muhokama qilishgan. Ularning suhbatidan Suriya mavzusi ham o‘rin olgandi. Sentyabr oyi oxirida Putin Anqaraga kelgandi, Erdo‘g‘anning Rossiyaga oxirgi tashrifi esa 2017 yilning 3 mayida ro‘y bergan.

Rossiya, Turkiya va Eron Suriyadagi harbiy harakatlar to‘xtatilishi uchun kafil mamlakatlar hisoblanadi. Astanada o‘tkazilgan muzokaralarda bu borada kelishuvga erishilgandi. Qozog‘iston yanvar oyidan buyon Suriyaning kelajagi bo‘yicha muzokaralarga mezbonlik qilib kelmoqda.

14-16 sentabr kunlari o‘tkazilgan Ostona muzokaralarining oltinchi raundi yakunlariga ko‘ra Suriyada 4ta harbiy harakatlardan xoli hudud tashkil etishga kelishilgan. Yettinchi raund 31 oktabr kuni yakunlandi, unda Sochida Suriya milliy muloqoti kongressini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Rossiya rahbari bundan avvalroq 18 noyabr kuni Sochida shunday kongress chaqirish tashabbusi bilan chiqqandi, unga 33 tashkilot taklif etilgan. 

Suriya muxolifati esa bunday kongress dekabr oyi boshida o‘tkazilishi kutilayotganini ma'lum qildi. Putin va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi uchrashuvda ushbu kongressga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha ham suhbat bo‘lib o‘tishi mumkin.

Suriyada qurolli nizolar 2011 yil martidan buyon davom etib kelmoqda. BMT ma'lumotiga ko‘ra, o‘tgan vaqt ichida 220 mingdan ortiq kishi fuqarolik urushi qurboniga aylandi. Bu ziddiyatni hal etish uchun jahon davlatlari Astana va Jyenevada muloqotlar o‘tkazib kelishmoqda.

Putin bundan avvalroq Suriya bo‘yicha kelishuv – Rossiya va Turkiyaning umumiy yutug‘i ekanini e'tirof etgandi. Erdo‘g‘an ham Rossiya bilan Suriyada tinchlik o‘rnatish yo‘llarini qidirish uchun hamkorlik davom ettirilishini aytib o‘tgan. Moskva va Anqara Suriya masalasida Astana kelishuvlariga amal qilinishini bildirgan.

S-400

Yozdayoq Erdo‘g‘an Rossiya tomonidan S-400 zenit-raketa majmualarini yetkazib berish bo‘yicha hujjatlar imzolanganini ma'lum qilgandi. Sentyabrda Turkiya Rossiyaga qisman to‘lovni amalga oshirdi. RF prezidentining harbiy-texnik hamkorlik masalalari bo‘yicha yordamchisi Vladimir Kojin Rossiya va Turkiya o‘rtasida S-400 yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilganini tasdiqladi. Keyinroq Turkiya mudofaa sanoati kotibiyati boshlig‘i o‘rinbosari Ismoil Demir S-400 Turkiyaga ikki yil mobaynida yetkazib borilishini bildirdi.

«Rostex» davlat korporatsiyasining bosh direktori Sergey Chemezov ta'kidlaganidek, ushbu shartnoma qiymati 2 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qiladi. 

S-400 «Triumf» — uzoq masofani qamrovchi zamonaviy zenit-raketa tizimlaridir. U aviatsiya, qanotli va ballistik raketalarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan, shuningdek, quruqlikdagi obektlarni ham nishonga olishi mumkin. S-400 400 kilometr masofadagi va 30 kilometr balandlikdagi obektlarga zarba bera oladi. S-400 «Triumf» Rossiya armiyasida 2007 yilda paydo bo‘lgan.

Oktyabr oyi o‘rtalarida Erdo‘g‘an S-400 xaridi bo‘yicha muammolar yo‘qligi va tomonlar bu boradagi hamkorlikning ikkinchi bosqichiga o‘tishi mumkinligini aytib o‘tdi. Turkiya rahbari RF bilan hamkorlik davom etib, S-500 tizimlari ham sotib olinishi mumkinligini bildirdi.

Iqtisodiyot va energetika

Ushakov qayd etib o‘tganidek, Moskva va Anqaraning ikki tomonlama munosabatlari hozirda jadallik bilan rivojlanmoqda va inqirozdan avvalgi holatga qaytgan. Jumladan, amalda savdo-iqtisodiy aloqalardagi barcha cheklovlar yechilgan hamda muvaffaqiyat bilan rivoj topmoqda.

Turkiya Rossiya bilan «Turk oqimi» gaz quvuri va «Akkuyu» AESi qurilishi loyihalarini tiklash bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilgan. Erdo‘g‘an bu haqda sentabr oyi oxirida Putin bilan muzokaralar yakunida ham ma'lum qilgandi.

«Akkuyu» AES - Turkiyadagi birinchi atom elektr stansiyasi bo‘ladi. Bu loyiha rossiyaliklarning 4ta AES energoblokidan iborat bo‘ladi, energobloklarning har biri quvvati - 1200 MVt. Rossiyaliklarning bu loyihaga kiritadigan investitsiyalari hajmi 22 milliard dollarni tashkil qiladi. Turkiya tomoni bu bu loyiha bo‘yicha birinchi reaktor 2023 yilgacha ishga tushirilishini rejalashtirgan.

Erdo‘g‘an oktabr oyi boshida Turkiya «Turk oqimi» gaz quvuri Serbiyaga qadar uzaytirilishini kutayotgani haqida aytgandi. O‘shanda u tashrif bilan Belgradga borgandi. «Gazprom» 7 may kuni «Turk oqimi»ning dengiz qismida qurilish ishlarini boshlagandi.

Ushbu kelishuv Qora dengiz ostidan magistral gaz quvurining ikkita quvurini qurishni ko‘zda tutadi. Ularning har birining quvvati 15 mlrd kub metr gazdan oshadi.

Birinchi quvur orqali gaz faqatgina turkiyalik iste'molchilarga yetkaziladi (2018 yil martigacha), ikkinchi quvur esa Yevropa bozoriga mo‘ljallangan. Biroq ikkinchi quvurning qurilishi Yevropa Ittifoqining tegishli kafolatlari olingandan keyingina amalga oshiriladi (2019 yil dekabrigacha).

Rossiya va Turkiya munosabatlari bir muddat sovuqlashishi 2015 yil noyabrida Turkiya HHK samolyoti tomonidan Rossiyaning Su-24 samolyoti Suriya hududida urib tushirilishi ortidan ro‘y bergandi. Rossiya 2016 yilning 1 yanvaridan Turkiya mahsulotlariga embargo qo‘ydi. RFga turk tomatlari, turli poliz mahsulotlari olib kirilishi to‘xtadi. 2016 yil kuziga kelib munosabatlar iliqlasha boshladi. 2017 yil iyuniga kelib esa Rossiya faqat pomidorlar importini saqlab qolgandi. 1 noyabr kuni esa bu cheklov ham yechildi.

Hududiy masalalar

Anqarada prezidentlar Iroq Kurdistonining mustaqillik referendumi masalasini muhokama qilishgandi. Rossiyaning bu boradagi pozitsiyasi o‘zgarmas: Moskva Iroq va Suriyaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi. Iroq Kurdistonida mustaqillik referendumi sentabr oyida o‘tkazilgandi. Referendum natijalariga ko‘ra, unda ishtirok etgan saylovchilarning 92,7 foizi mustaqillikni yoqlagan. Iroq hukumati referendumni qonundan tashqari deb e'lon qilgan va referendum natijalariga ko‘ra muzokaralar o‘tkazilmasligini bildirgan. Bu tashabbusga Iroq Kurdistoniga qo‘shni bo‘lmish Turkiya va Eron ham qarshi chiqdi, referendum AQSh hamda BMT tomonidan qoralandi. Bundan avvalroq Rossiya TIV Moskva tomoni Arbile va Bag‘dodni masalani tinch yo‘l bilan yechishga chaqirgandi. Erdo‘g‘an ham kurdlarning referendumini katta xato deb baholagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid