O‘zbekiston | 23:19 / 13.11.2017
71369
3 daqiqa o‘qiladi

Benzin narxi o‘zgaradimi yoki bu mish-mish xolosmi?

Foto: KUN.UZ

13 noyabr kuni Kun.uz  O‘zbekistonda benzin narxi ehtimoliy ravishda o‘zgarishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Unga ko‘ra, iste'moldagi benzin narxi ayni paytdagi bahodan (13 noyabr holatiga ko‘ra - AI-80 2800 so‘m) 30-35 foizga qimmatlashib ketishi kutilmoqda.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan «O‘zbekneftmahsulot» vakilining aytishicha, «Vazirlar Mahkamasi tomonidan sohaga oid hech qanday qaror yetib kelmagan». Ammo, vakil «benzin narxi kelgusida o‘zgarishini» inkor etmadi.

«Bir nima deyolmayman, chunki Vazirlar Mahkamasi tomonidan qaror yetib kelmagan. Bunday qaror chiqarilgani haqida xabarimiz yo‘q. Shuning uchun ushbu yangilikni tasdiqlay olmaymiz. Hozircha doimgiday sotuv narxlari amal qilmoqda», deydi u.

O‘zbekiston bo‘ylab benzin narxi oxirgi marta 2016 yil oktabr oyida o‘zgargandi. Bundan 13 oy ilgari, shu kunlarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida  «​benzin tanqisligi va narx oshishi»​ haqida mish-mishlar tarqagan. 

2016 yil 16 oktabr kuni «O‘zbekneftmahsulot» AK Matbuot xizmati esa «vaziyatni barqarorlashtirish uchun neftni qayta ishlash zavodlarida avtobenzin ishlab chiqarish miqdorini mumkin qadar ko‘paytirishi»ni aytgan. Oradan bir hafta o‘tib, benzin narxi 2800 so‘m etib belgilangani haqida rasmiy xabar tarqatilgandi.

«Vaziyatni barqarorlashtirish»ga oid​ chora-tadbirlar orasida «chetdan qo‘shimcha miqdorda uglevodorod xom ashyosini keltirish va iste'molchilarni avtobenzin bilan tegishli miqdorda ta'minlash» yuzasidan amaliy ishlar olib borilayotgani haqida aytilgan. Ammo Respublika bo‘ylab o‘rnatilgan yagona benzin bahosi o‘tgan 13 oy ichida poytaxtdan tashqari viloyatlarda uchrab turgan muammolardan to‘la xalos bo‘lishga yordam bermadi.

Endilikda erkin konvertatsiya amaliyotining joriy etilishi «chetdan qo‘shimcha miqdorda uglevodorod xom ashyosini keltirish» xarajatlarini yanada oshib ketishiga sabab bo‘lishi hisobga olinsa, «O‘zbekneftgaz» hamda «O‘zbekneftmahsuloti» vakillaridan mazkur o‘zgarish yuzasidan jo‘yali va asoslantirilgan munosabatni kutib qolishimiz mumkin. Hozircha rasmiylar xabarni na inkor etdi, na tasdiqladi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid