Jamiyat | 08:10 / 14.11.2017
23892
2 daqiqa o‘qiladi

MXX navbatdagi valyutafurushlarni ushladi

Foto: Kun.uz

Milliy xavfsizlik xizmati valyuta savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanuvchilarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etmoqda. Natijada, bugungi kunda, agar zarur bo‘lsa, fuqarolar hech qanday hujjat taqdim etmasdan, istalgan bank bo‘linmasida valyutani erkin almashtirishi yoki sotib olishi mumkin. Shu bilan birga, bozorlar va kishilar gavjum bo‘ladigan joylarning katta qismi valyutafurushlarning “joyi” bo‘lishdan to‘xtadi. Ular nafaqat fuqarolarni aldagan, balki mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli darajada zarar ham yetkazgan.
 
Kuni kecha tezkor xodimlar qator tadbirlarni o‘tkazishdi, ular davomida navbatdagi valyutafurushlar faoliyatiga chek qo‘yildi. Xususan, MXX tezkor xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakillari bilan birgalikda Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida yashovchi 31 yoshli Asilbek G‘offorovni 5,9 ming AQSh dollarini 48 mln. 85 ming so‘mga (bir dollar uchun 8150 so‘mlik kursda) sotayotgan vaqtida ushlashdi.

"Bundan tashqari, Jizzaxda 37 yoshli Ikrom Xoliqov 2,2 ming AQSh dollarini 17,6 million so‘mga sotib olayotganda qo‘lga olindi. Shuningdek, uning yonidan 28,9 million so‘m topilib, hujjatlashtirib olindi. Tergovga qadar tadbirlar davomida aniqlanishicha, Xoliqov joriy yilning yanvarida Jizzax shahar sudi tomonidan valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish uchun ma'muriy javobgarlikka tortilgan", - deya ta'kidlab o‘tdi MXX vakili.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid