Jamiyat | 15:10 / 15.11.2017
15541
4 daqiqa o‘qiladi

Adashgan ko‘ngil...

Aql, bilim yaxshilik yo‘lida ishlatilsa, sohibiga obro‘, martaba keltiradi. Ammo ilmni qing‘ir yo‘lga sarflamoqchi bo‘lgan kishi pushaymon bo‘lishi tabiiy hol.

Firdavs Qobilov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) birovning aldoviga kirib, chuv tushishiga bir baxya qoldi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Qo‘l telefoni jiringlab, tanish ovoz eshitildi.

-  Firdavs, yaxshimisiz? Bir uchrashsak, degan edim. O‘sha, o‘tgan yildagidek...

-  Men bu ishni qilolmayman. 

-  Xo‘p, deya qoling... Ertaga "Karvon bozor"da uchrashaylik. Xafa qildirib qo‘ymayman. Bu yil omad chopsa...

Firdavs ayolning so‘zlarini tinglar ekan, o‘tgan yilgi holat esiga tushdi. Kimningdir o‘rniga kirib, testni yechib chiqqan bo‘lsa-da, kelishilgan pulni ololmagan edi.

Kelishilganidek, “Karvon bozor” hududida uchrashib, 30 iyul kungi rejalarni tuzib olishdi.

Buxoro shahridagi “Bahor” kafesi oldida turgan sariq rangli taksi tomon boshlab kelgan Muborak Firdavsni tinchlantirgan bo‘ldi.

-  Bu kishi Rohila opa bo‘ladi. Opa, men aytgan bola shu. Ammo u pulni olmay turib, testni yechib bermayman, deyapti, - dedi Muborak yonidagi ayolga yuzlanib.

Firdavs test savollarini yechishi kerak bo‘lgan kishining pasporti bilan DTM qog‘ozini olib, taksidan tushdi. Biroq test javoblari chiqqanida natija kutilganidek bo‘lmadi. Endi Muborak Rahimova “niqob”ini yechib, bu bolaga kimligini ko‘rsatib qo‘yish kerakligini o‘ylab, ko‘ngliga qora niyat o‘rladi.

O‘sha taksi bilan kechki payt Firdavs yashaydigan manzilga kirib bordi.

-  Sen men bilan o‘yin qilma! Olgan 3 ming dollarni qaytarib bermasang, shaharlik bolalarga ayttiraman-da, tug‘ilganingga pushaymon qildiraman.

-  Iye, opa, nega tuhmat qilayapsiz?! Men sizdan qachon pul olibman?!

-  Ha, ana endi o‘zingga kelayapsan. DTM qog‘ozlari bilan birga olgan eding.

Firdavs dong qotib qoldi. Tanish opaning tuhmatlaridan boshi gangidi. Bu yog‘i qandoq bo‘ldi, endi?! M.Rahimova ham bo‘sh kelmadi. Vaqtni boy bermay, Buxoro shahar IIBga barcha holatlarni bayon etib, ariza yozdi. Fuqaroning murojaati tegishli tartibda rasmiylashtirildi va Buxoro shahar IIBning hudud profilaktika inspektori O.Akramovga ijro uchun yo‘naltirildi.

O.Akramov F.Qobilov bilan telefon orqali bog‘lanib, arizachining da'vosini tushuntirdi. Bu “hangoma” biroz cho‘zilib, unga Firdavsning amakilari qo‘shilishdi. F.Qobilov garchand 3 ming AQSh dollarini olmagan bo‘lsa-da, M.Rahimovaga qaytarishi, o‘z navbatida M.Rahimova ham da'vosi yo‘qligi haqida yozib berishi lozimligi tushuntirildi.

O‘zaro suhbatlar jarayonida o‘zini bir so‘zli ekanligini uqtirgan profilaktika inspektori O.Akramov xatoga yo‘l qo‘yayotganligini chuqurroq o‘ylab ham ko‘rmadi. Holatning ildiziga yetib bormadi. Arizachi ayolning gaplariga ishonib, bir yoqlama ish olib bordi. Bulardan M.Rahimova quvonar, Firdavs esa borgan sari balchiqqa bulg‘anardi. Biroq, qonunning nigohidan hech bir g‘ayriqonuniy holatni yashirib bo‘lmaydi. Vaqti kelib, M.Rahimova, F.Qobilov va O.Akramov haqiqatni juda yaxshi anglab yetishdi. Chunki, ularning har biri qonun oldida javob berib, qilmishlariga yarasha jazo olishdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid