O‘zbekiston | 14:00 / 21.11.2017
30812
3 daqiqa o‘qiladi

Tuman hokimliklarining vakolatlari kengaytiriladi

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston byudjyet tizimida birinchi marta Toshkent shahrida tajriba tariqasida tuman hokimliklarining mustaqilligini oshirish, moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga keng yo‘l ochib berildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Shu paytgacha poytaxt tumanlarida xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini tashkil etish hamda tuman va shahar byudjyetlarining qo‘shimcha manbalarini boshqarish, shahar byudjyet ijrosi jarayonida zarur holatlarda byudjyet parametrlariga o‘zgartirish kiritish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining ruxsati bilan amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda bu vakolatlar mahalliy hokimliklar ixtiyoriga o‘tkazildi. 

Boshqaruv organlari tasarrufidagi bir qator ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega huquqlar, xususan, byudjyet tashkilotlari, kommunal xo‘jaligi va obodonlashtirish xarajatlari quyi bo‘g‘inga berildi. 

Mahalliy hokimiyat organlari tuman byudjyeti daromadlarining rejadan ortiq qismini turli tadbirlar, rahbar kadrlarni moddiy rag‘batlantirish hamda quyi byudjyetlarni qo‘shimcha moliyaviy manbalar bilan ta'minlashga yo‘naltirish, byudjyet tashkilotlari va ularning shtatlarini maqbullashtirish, mahalliy byudjyet zaxira jamg‘armasini tashkil etish vakolatiga ega bo‘ldi. Asosiysi, yuqori turuvchi moliya idoralari endi tumanlarning tasdiqlangan daromadlari parametriga o‘zgartirish kirita olmaydi. 

Toshkent shahar mahalliy byudjyetidan mablag‘ oluvchi byudjyet tashkilotlarining 88 foizi tuman mahalliy byudjyetiga o‘tkazildi. Jumladan, 802 xalq ta'limi muassasasi, 93 poliklinika va dispanser, 33 madaniyat uyi, 11 tuman hokimligi, 503 o‘zini o‘zi boshqarish organi, 11 ijtimoiy yordam va ijtimoiy moslashuv markazi, 11 obodonlashtirish boshqarmasi moliyaviy ta'minoti, shuningdek, shu paytgacha dolzarb muammolardan biri bo‘lib kelgan ichki yo‘llarni ta'mirlash xarajatlari ham tumanlar byudjyetidan moliyalashtiriladigan bo‘ldi. 

Tumanlardagi 18 maxsus, alohida rejimdagi maktab va internatlarni saqlab turish xarajatlari, tuman mahalliy byudjyetidan mablag‘ oluvchi 284 ta maktab xodimlari ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlari hamda ularning yagona ijtimoiy to‘lov bo‘yicha xarajatlari shahar byudjyetidan transfert sifatida qoplab berilishi joriy qilindi. 

Mazkur chora-tadbirlar mahalliy byudjyetlarning markazga bog‘liqligini keskin kamaytirib, strategik muhim loyihalarni amalga oshirish, faol investitsiya siyosatini olib borishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mustaqilligini mustahkamlashga zamin yaratadi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid