Jahon | 22:26 / 25.11.2017
6992
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon gazi Yevropa energetik xaritasini o‘zgartiradi – Ilhom Aliyev

Foto: RIA Novosti / Vladimir Vyatkin

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning fikricha, Ozarboyjonda olinadigan gaz Yevropaning energetik xaritasini sezilarli o‘zgartiradi.  

Aliyevning matbuot xizmati ma'lum qilishicha, Aliyev bunday fikrni Bryusselda o‘tayotgan “Sharqiy sheriklik” sammiti yalpi sessiyasida aytib o‘tdi. 

“Energetika siyosati biz Yevropa institutlari bilan hamkorlik qilayotgan masalalar qatoriga kiradi. “Janubiy gaz yo‘lagi” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Bu loyihaning qiymati 40 mlrd. dollardan oshadi. U bizga qo‘shimcha gaz olishga va uni Yevropa bozoriga yetkazishga imkon beradi”, deb aytgan Aliyev.

“3500 km lik gaz quvuri yangi yo‘nalish bo‘ladi va Yevropa bozoriga yangi manbadan gaz yetkazib beradi. Ozarboyjondagi konlarda olinadigan gaz Yevropa uchun yangi gaz manbaiga aylanadi va so‘zsiz, Yevropaning energetik xaritasini sezilarli o‘zgartiradi”, deb qo‘shimcha qilgan Aliyev. 

Aliyevning eslatib o‘tishicha, Ozarboyjonning tasdiqlangan gaz zaxiralari 2,6 trln. kub metrni tashkil qiladi va bu miqdor bir necha o‘nlab yillar davomida Yevropani gaz bilan ta'minlashga yetarlilik qiladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid